O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz» so‘roviga ko‘ra kelin-kuyov o‘rtasida o‘tkazilgan o‘yinda kuyov yutqazganiga chiday olmay, kelinchagini urgan to‘y marosimi tafsilotlarini ma’lum qildi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, voqea shu yilning 6 iyun kuni R.X.ning nikoh to‘yida sodir bo‘lgan.

Uzun tumanidagi «Tolto‘g‘ay» mahallasida yashovchi R. X. (12.09.1997 y. t.) va A. D. (08.03.2003 y. t.) o‘rtasida o‘tgan nikoh to‘yi kuyovning uyida bo‘lgan. Juftlikning do‘stlari kelin va kuyovga o‘ralgan holda shirinlik berib, uni kim birinchi bo‘lib ochish («Syurpriz» o‘yini) o‘yinini o‘tkazgan. Unda kelin birinchi bo‘lib shirinlikni ochadi va g‘alaba qozonadi. Bundan g‘azablangan kuyov uning boshiga bir marta uradi. Shundan so‘ng to‘y davom etib, hech qanday ko‘ngilsiz holat sodir bo‘lmagan va hech qayerga murojaat qilinmagan.

Uzun tumani IIB voqea yuzasidan surishtiruv ishlari olib borib, kelin-kuyov hamda ularning ota-onalari bilan «profilaktik suhbati» o‘tkazdi, deyiladi qo‘mita xabarida.


«Fuqaro R. X.ning harakatlarida huquqbuzarlik holati mavjudligi sababli hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan ma’lumotlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudiga yuborildi», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, mazkur shaxsga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik — BHMning 3−5 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Avvalroq mazkur holat aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlar va hatto xorijiy OAVlarda keng muhokama qilingani xabar qilingan edi. Jumladan, bu haqda Germaniyaning Bilt nashri ham yozdi.

«Ba’zilar uchun bu ajoyib kun va baxtli oilaviy hayotning boshlanishi. Ammo dunyodagi ko‘plab ayollar uchun bu nikoh do‘zaxiga sayohat qilish uchun faqat boshlang‘ich signaldir! Xuddi o‘zbekistonlik mana bu juftlikda bo‘lganidek», — deyiladi maqolada.

Shuningdek, Janubiy Koreyaning JTBC telekanali ham o‘z efirida videoni namoyish qildi.