Ijtimoiy tarmoqlarda Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» bozori hududida issiq suv trubasi yorilishi natijasida bozor hududi suv bilan qoplangani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, hozirda barcha kommunal tizimlarda kuz-qish mavsumiga sinov-tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, issiq suv trubasi yorilgan ushbu bozor hududidan o‘tgan tarmoqda ham katta bosimda sinov ishlari olib borilayotgan bo‘lgan. Shu sababli diametri 800 mm bo‘lgan magistral issiqlik tarmog‘ida quvur yorilishi kuzatilgan. Natijada savdo majmuasi hududida yer ostidan issiq suv toshib chiqqan.

«Toshissiqquvvati» DUK issiq suv oqishi to‘xtatilganini ma’lum qildi. «Ayni paytda aniqlangan nosozlikni bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda. Vaziyat kommunal soha mas’ullari nazoratida», deyiladi xabarda.