Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Qushbegi dahasida yashovchi Xitoy fuqarosi 36 yoshli T.V.ning yashayotgan xonadonga o‘g‘ri tushdi, deb xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Voqea 31 may kuni soat taxminan 08:30 lar atrofida sodir bo‘lgan.

Gumondorlar xonadon yotoqxonasidagi shkafga o‘rnatilgan va ichida 265 000 AQSh dollari bo‘lgan temir seyfni olib, hodisa joyidan yashiringan.


Mazkur holat yuzasidan Yakkasaroy tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida mazkur jinoyatni Surxandaryo viloyatida yashovchi 24 yoshli J.M., R.L., 19 yoshli N.J., B.M., 20 yoshli O.O. va 23 yoshli T.A.lar sodir etkanligi aniqlandi, deyiladi xabarda.


Ta’kidlanishicha, ulardan jami 246 000 dollar, 9 mln 771 ming so‘m, 100 yevro hamda mazkur pullarga sotib olingan bir dona iPhone 13 telefon apparati ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Hozirda yuqoridagi shaxslarning har biriga JKning 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan ayb e’lon qilindi. Ehtiyot chorasi sifatida «qamoqqa olish» qo‘llanilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.