Rossiya avgust oyi oxiriga qadar kungaboqar yog‘i va shrotni eksport qilish uchun kvotalarni mos ravishda 400 va 150 ming tonnaga oshirishni rejalashtirmoqda, deb yozmoqda «Kommersant’».

15 apreldan 31 avgustgacha bo‘lgan davrda Rossiyadan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlarga kungaboqar yog‘i (1,5 mln tonna) va kungaboqar urug‘ining qattiq qoldiqlarini (700 ming tonna) eksport qilish uchun kvotalar belgilangandi.

Jahon bozorlarida mart oyida kungaboqar yog‘i narxining oshishi barcha rekordlarni qayd etdi, aprel oyida esa biroz pasayish kuzatildi.

Kungaboqar yog‘i O‘zbekistonga asosan Rossiya va Ukrainadan olib kiriladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ham ushbu ikki mamlakat va Qozog‘istondan import qilinadigan yog‘ xom ashyosidan foydalanadi.

«Gazeta.uz» aprel holatiga ko‘ra, kungaboqar yog‘i yil boshidan beri 28 foizga, paxta yog‘i — 31 foizga oshgani haqida yozgandi.

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga muvofiq, may oyi boshida bir hafta davomida O‘zbekistonda o‘simlik yog‘ining bir litrining o‘rtacha narxi 0,5% ga — 19,1 ming so‘mga pasaydi. Narxlarning pasayishi to‘qqiz viloyatda kuzatildi, biroq Toshkent va yana to‘rt viloyatda ular o‘sishda davom etmoqda.

Prezident 29 aprel kuni o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek soya danaginining importini QQSdan ozod qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Shu bilan birga, ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan eksport bojxona bojlari kiritilmoqda.