Yil boshidan buyon O‘zbekistonda xorijiy davlatlar kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 798 taga ko‘paydi. Davlat statistika qo‘mitasi hisobotiga ko‘ra, ularning orasida eng ko‘pi (210 ta) Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Undan keyingi o‘rinlarni Turkiya (128 ta), Xitoy (74 ta) va Qozog‘iston (64 ta) egalladi.

Foto: Davlat statistika qo‘mitasi.

Rossiya ishtirokidagi yangi kompaniyalar soni aynan fevral oyidan keyin keskin osha boshlagan. Jumladan, yanvarda 23 ta, fevralda 28 ta, martda 56 ta, aprelda 103 ta kompaniya tashkil etildi. Bu Ukraina mojarosi ortidan Rossiyaga qo‘llanilayotgan sanksiyalar fonida sodir bo‘lmoqda.

Boshqa davlat hissasi esa o‘tgan yillar bilan solishtirganda unchalik katta o‘sishni qayd etmagan.

Hozirgi kunga kelib, Rossiya ishtirokidagi kompaniyalarning umumiy soni — 2471 taga yetdi, undan keyingi o‘rinlar Xitoy (1984 ta), Turkiya (1981 ta), Qozog‘iston (1126 ta) va Janubiy Koreyaga (894 ta) nasib etdi.

«Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar sonining ko‘payishi, avvaalambor, mamlakatdagi siyosiy barqarorlik va investitsiya faoliyatining huquqiy asoslari takomillashtirilgani bilan bog‘liq», — deyiladi qo‘mita hisobotida.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda axborotlashtirish va kommunikatsiyalar sohasida yanvar-mart oylarida 40 ta, aprel oyining o‘zida esa 45 ta yangi chet el kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

So‘nggi 4 oy ichida iqtisodiy faoliyat turlari kesimi bo‘yicha — sanoatda 161 ta, savdoda 279 ta, qurilishda 66 ta, qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida 29 ta, tashish va saqlashda 24 ta, yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda 22 ta, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 8 ta hamda boshqa sohalarda 124 ta xorij investitsiyasi ishtirokidagi korxona tashkil qilindi.

Avvalroq, AKT vaziri Sherzod Shermatov O‘zbekistonda IT-kompaniyalar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumot bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IT-park rezidentlari 2028 yilgacha barcha korporativ soliqlardan ozod qilingan, qolaversa, bir qator soliq va bojxona imtiyozlari ham beriladi. Ishlash uchun ruxsatnoma olish tartibi esa bekor qilingan hamda 3 kun ichida «IT-visa» taqdim etiladi. O‘zbekistonga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan IT-kompaniyalar esa zarur infratuzilma bilan ta’minlanadi.

«Gazeta.uz» Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng, O‘zbekistonga ko‘chib o‘tishga qaror qilgan Rossiya fuqarolari bilan suhbatlashgandi. Ular Rossiyani nima sababdan tark etishgani, Toshkentda nima bilan shug‘ullanayotganliklari, bu yerda qanaqa muammolarga duch kelayotgani va qanday shartlar asosida uyga qaytishi mumkinligi haqida so‘zlab berishdi.