Afg‘onistondagi «Tolibon» harakati ayollarning uydan chiqayotganda hijob o‘rashini majburiy qilib qo‘ydi va bu kiyim elementi uchun eng yaxshi variantni burqa — ayolning boshi va tanasini to‘liq yashiradigan, ko‘zlari atrofida to‘r bilan o‘ralgan kiyim deb atadi. Mazkur talab 7 mayda e’lon qilingan muvaqqat hukumatning Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi farmonida qayd etilgan, deb yozadi Tolonews.

«Hijobni qonuniylashtirish rejasi» deb nomlangan farmonda, shuningdek, ayollarga zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaslik haqida ko‘rsatma berilgan.

Farmon targ‘ibotini OAV va masjidlar olib borishi kerak, odamlar gavjum joylarda esa bu talab bannerlar orqali e’lon qilinadi. Hijob o‘rash rag‘batlantirish va jazo yo‘li bilan joriy qilinadi, uni amalga oshirish uchun javobgarlik ayolga ham, unga mas’ul bo‘lgan erkakka ham yuklanadi.

Ma’lumotda ta’kidlanishicha, agar ayol hijobsiz bo‘lsa, uning uyi aniqlanadi va unga mas’ul bo‘lgan erkak (ota, uka yoki turmush o‘rtog‘i) maslahat va ogohlantirish oladi. Agar shundan keyin ham talabga rioya etilmasa, erkak mas’ul organlarga olib ketiladi, yana takrorlansa — uch sutkaga hibsga olinadi. Agar talabga yana amal qilinmasa, erkak keyingi jazoni tayinlash uchun sud oldida javobgarlikka tortiladi.

Farmonga ko‘ra, davlat lavozimlarida ishlayotgan ayollar hijob o‘ramagan taqdirda ishdan bo‘shatiladi.

1996−2001 yillar hokimiyat davrida «Tolibon» harakati ham ko‘chalarda hijob o‘rashni majburiy qilib qo‘ygandi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi haydovchilarga mashinada musiqa yoqish, shuningdek, hijobsiz ayollarni mashinaga o‘tkazishni taqiqlagandi.

Mart oyida 6-sinfdan katta qizlarning maktablarga borishi ham taqiqlangandi. O‘shanda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet toliblarni «barcha qizlarning ta’lim olish huquqlarini hurmat qilishga va kamsitishlarsiz hamda kechiktirmasdan barcha o‘quvchilar uchun maktablarni ochishga» chaqirdi. BMTning Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rasselning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror o‘smir qizlarning butun bir avlodini kelajak farovonligi uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Shu bilan birga, Afg‘onistonda ocharchilik kuchaymoqda: 19,7 million kishi — aholining deyarli yarmi o‘tkir ochlik yoqasida, deya xabar berdi Jahon oziq-ovqat tashkiloti, Jahon oziq-ovqat dasturi va bir qator nodavlat tashkilotlari mutaxassislari.

«Afg‘onistonda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan misli ko‘rilmagan gumanitar yordam hajmi umumiy tendensiyani o‘zgartirdi, biroq mamlakatda oziq-ovqat bilan ta’minlanishga doir vaziyat dahshatli bo‘lib qolmoqda, — dedi Jahon oziq-ovqat tashkilotining Afg‘onistondagi vakili Richard Trenchard. — Qishloq xo‘jaligini qayta qurish va fermerlar va qishloq jamoalari o‘rtasidagi urush natijasida buzilgan aloqalarni shahar bozorlari bilan qayta tiklash kerak. Agar bu amalga oshmasa, yaqin kelajakda ushbu inqirozdan chiqishning iloji bo‘lmaydi».

«Bir necha oy ichida biz 16 milliondan ortiq odamni qamrab olgan dunyodagi eng yirik gumanitar oziq-ovqat operatsiyasini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldik, — deb qo‘shimcha qildi Jahon oziq-ovqat dasturining Afg‘oniston bo‘yicha direktori Meri-Ellen MakGroarti. — Biz fermerlar, tegirmonchilar va novvoylar bilan hamkorlikda xotin-qizlarni o‘qitish va mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ish o‘rinlari yaratish ustida ishlayapmiz. Afg‘oniston iqtisodiyotining normal ishlashiga imkon berish — inqirozdan chiqishning eng ishonchli yo‘lidir».