4 may kuni Mudofaa vazirligining Mutaxassislar va xizmat itlarini tayyorlash markazida Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar jamoalari o‘rtasida «Dog biatlon» bo‘yicha musobaqalar boshlandi, deb xabar berdi Mudofaa vazirligi «Gazeta.uz»ga.

Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan musobaqada Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya va Davlat bojxona qo‘mitasi jamoalari xizmat itlari bilan qatnashmoqda.

Jamoalar dastlab «Dog biatlon» shartida o‘zaro bellashishdi. Unga ko‘ra, ishtirokchilar 3200 metr masofaga yakka tartibda yugurish bilan birga belgilangan nishonni ham o‘ta aniqlik bilan mo‘ljalga olgan holda vazifalarni yuqori aniqlikda bajarishga harakat qilishdi, deyiladi xabarda.

Tanlov kinologiya sohasini rivojlantirish, mutaxassis kinologlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, natijalar samaradorligini yanada oshirish, ularni xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.

Mudofaa vazirligining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, «Dog biatlon» 7 mayga qadar davom etadi, musobaqaga kirish bepul. Musobaqa maydonchasi Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik muhandislik bilim yurti orqasida joylashgan.

Foto

Video