Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish ikki kun avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralardan so‘ng 28 aprelda Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Avval yozganimizdek, u Mariupoldan aholini evakuatsiya qilishda BMT va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi ishtirokiga Rossiya roziligini olgan.

Foto: president.gov.ua.

Muzokaralar oldidan Antoniu Guterrish urush natijasida turar-joy massivlari va infratuzilmalari vayron bo‘lgan Irpin, Bucha va Borodianka shaharlarida bo‘lib, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.

Irpindagi turar-joylardagi vayronagarchilikni ziyorat qilish. Foto: BMT matbuot xizmati.

«Bu urush — XXI asrda absurddir. Urush — yovuzlik», — dedi BMT rahbari Borodiankada. Hozir Xalqaro jinoiy sud va BMTning boshqa mexanizmlari zarur ishlarni amalga oshirishi va adolatni ta’minlashi juda muhim, dedi u.

Buchada urush va qotilliklar qurbonlarining yuzdan ortig‘i dafn etilgan sobiq ommaviy qabr joyiga tashrif.

«Ukraina xalqi bilishini istaymanki, dunyo sizni ko‘rmoqda, eshitmoqda hamda sizning jasoratingiz va qat’iyatingizga qoyil qolmoqda», — dedi u Ukraina prezidenti bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

«Birlashgan Millatlar Tashkiloti aniq pozitsiyani egallaydi, — dedi Antonio Guterrish. — Moskvada aytganimdek, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi davlatning hududiy yaxlitligi va BMT Nizomini buzishdir».

U BMT Xavfsizlik Kengashi Ukrainadagi urushning oldini olish yoki to‘xtatish uchun mavjud mexanizmlarni qo‘llamaganini tan oldi. «Bu katta umidsizlik, qayg‘u va g‘azabga sabab bo‘lmoqda», — dedi BMT rahbari.

Shu paytgacha ko‘plab yetakchilar tomonidan qilingan urushni to‘xtatishga qaratilgan barcha urinishlar muvaffaqiyatsiz chiqdi, dedi Guterrish. Biroq BMT taslim bo‘lish niyatida emas hamda keng ko‘lamli sulh va tinch aholini olib chiqib ketish, yordam yetkazish uchun samarali gumanitar yo‘laklarni yaratishga intilmoqda.

BMT rahbari Kiyevga «Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, hayotni saqlab qolish, azob-uqubatlarni yengillashtirish va tinchlik yo‘lini topishga yordam berish» sa’y-harakatlariga e’tibor qaratish uchun kelganini ta’kidladi.

BMT bosh kotibining aytishicha, BMTning boshqa ba’zi mamlakatlardagi keng ko‘lamli gumanitar operatsiyalaridan farqli o‘laroq, Ukrainaning o‘z fuqarolarini qo‘llab-quvvatlovchi samarali institutlari va hukumati mavjud hamda BMT barcha sa’y-harakatlarini ushbu tuzilmalar bilan muvofiqlashtiradi.

«Bu biz amalga oshirgan eng tez rivojlanayotgan gumanitar operatsiyalardan biri, — dedi Guterrish. — Men tushunaman, hamma narsa ham mukammal emas va bugungi kunda qila oladigan barcha narsalar ehtiyojlar ko‘lamidan yuqoriroq. Men sizni ishontirish uchun keldimki, biz bu sa’y-harakatlarni har bosqichda Ukraina hukumati bilan muvofiqlashtirib, kuchaytirishda davom etamiz».

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMT Ukrainadagi 3,4 mln kishiga favqulodda gumanitar yordam ko‘rsatmoqda va avgust oyigacha bu ko‘rsatkichni 8,7 mlnga yetkazishni rejalashtirmoqda. Tashkilot, shuningdek, mahalliy aholiga oyiga 100 mln dollar miqdorida naqd pul yordami beradi — 1,3 mln kishi uni may oyida oladi, avgustgacha 2 mln kishi, dedi u.

«Eng pessimistik prognozlarga ko‘ra, yil oxirigacha 25 mln ukrainalik gumanitar yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin, — deya ogohlantirdi Guterrish. — Umid qilamanki, bunday bo‘lmaydi, lekin biz eng yomoniga tayyorlanishimiz kerak».

Vladimir Zelenskiy Ukraina Mariupoldan odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha shoshilinch muzokaralarga tayyor ekanligini va BMT bosh kotibining ushbu missiyadagi ishtiroki samarali bo‘lishiga umid qilishini ta’kidladi.

U Antoniu Guterrishni Ukraina fuqarolarini Rossiyaga deportatsiya qilishni to‘xtatish, majburan deportatsiya qilinganlar bilan uchrashish va ularni imkon qadar tezroq vataniga qaytarish uchun harakat qilishga chaqirdi.

Vladimir Zelenskiy, shuningdek, agar bosib olingan hududlarda referendumlar o‘tkazilsa, ular Ukraina va dunyo tomonidan tan olinmasligi hamda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralarni murakkablashtirishini aytdi. «Men ishonamanki, kuch bilan qo‘shib olish mumkin emas va u yoki bu hududlarimizni anneksiya qilishda muvaffaqiyat qozonmaydi», — dedi u.

Matbuot anjumanidan ko‘p o‘tmay Kiyevga ikkita raketa zarbasi berildi. BMT o‘z xabarida buni «Rossiya qo‘shinlari [Kiyev] chekkasidan olib chiqib ketilganiga qaramay, urush hali tugamaganini eslatish» deb atadi.