Shalimov nomidagi Milliy jarrohlik va transplantologiya instituti aspiranti, jarroh Temurbek Yusupov «Gazeta.uz»ga Kiyevdagi bugungi vaziyat, Polsha bilan chegarada avariyaga uchragan o‘zbekistonliklar ahvoli, ukrainaliklarning chet elliklarga nisbatan muomalasi haqida gapirib berdi.

Kiyevdagi vaziyat


«Maydan Nezalejnosti»dagi 100 ming lolalar. Foto: kyivcity.gov.ua.

Bugungi kunda Kiyevda vaziyat ancha yaxshilangan. Hozir shaharda ko‘p odamlar bor. Urush boshlanganidan keyin Lvov, Transkarpatiyaga ketishga majbur bo‘lgan ko‘plab odamlar poytaxtga qaytishni boshladi. Men hozir Kiyevning markazida turibman, urush boshlanganidan beri birinchi marta bu yerga kelishim. Rostini aytsam, bir muncha vaqt yangiliklarni o‘qimasam, urush bo‘layotganini ham unutib qo‘yishim mumkin.

Ba’zida havo hujumi signali eshitiladi, bu 15−20 daqiqa davom etadi va keyin bekor qilinadi. Havo hujumidan mudofaa tizimi yaxshi ishlayotganga yoki hujumlar kamayganga o‘xshaydi. Oxirgi uch hafta ichida Kiyevda faqat bitta portlash sodir bo‘ldi. Biz hududni ayta olmaymiz, chunki taqiqlar va qoidalar bor. Ammo umuman olganda, shahar tinch. Shahar urushdan oldingi kunlardagidek ishlashga harakat qilmoqda.

Agar urushdan oldin odamlar biroz bo‘lingan bo‘lsa, hozir ular birlashgan, bu yaxshi. Bir xalq, bir millat sifatida bir-biriga yordam berishda davom etmoqda. Har xil yordam guruhlari paydo bo‘ldi. Mahalliy aholi ham muhtoj xorijliklarga bepul yordam berishga harakat qilmoqda. Ukrainaliklarning uylarida yashagan do‘stlarim bor.

Do‘konlarda barcha kerakli mahsulotlar mavjud. Ha, logistika muammolari tufayli narxlar biroz ko‘tarildi.

Tramvay qayta ish boshladi. Men uydan hozirgina tramvayda, keyin trolleybus va avtobusda keldim. Jamoat transporti aholi uchun bepul. Transport aloqalari to‘liq tiklandi, deb ayta olmayman, ayrim yo‘nalishlarda cheklovlar bor.

Hozir metroda unchalik ko‘p odam yashamaydi. Biz hammamiz Buchadagi qirg‘in haqida bilamiz, shuning uchun ayrim odamlarda haligacha qo‘rquv bor, shu bois ular metroda qolishda davom etmoqda.

Bu haftada komendantlik soati biroz qisqartirildi. Agar bundan oldin u soat 21:00 dan 5:00 gacha bo‘lgan bo‘lsa, hozir 22:00 dan boshlanadi. Pasxa paytida istisno sifatida 23:00 dan boshlandi. Ushbu rejim davomida hamma uyda, tartibga amal qilinadi.

Jarrohlik va transplantatsiya institutimizda kechikishi mumkin bo‘lgan operatsiyalarni boshqa sanaga ko‘chirdik. Hozir biz saraton kasalligi bor bemorlar va yaradorlarga yordam ko‘rsatmoqdamiz.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ishining tiklanishi


O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi. Foto: Javlon Vakhabov / Twitter.

Fuqarolarimizni vatanga evakuatsiya qilish jarayonida elchixona Lvovga bir muddat ko‘chib o‘tdi, biroq Kiyevdagi vaziyat yaxshilanganini hisobga olib, ko‘plab elchixonalar poytaxtga qaytdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, Yevropaning ayrim davlatlaridan kelgan barcha elchilar o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Vaziyat keskin o‘zgarib ketishi mumkin, ammo biz yaxshilanishiga umid qilmoqdamiz.

Ukrainadan O‘zbekistonga 6 mingga yaqin o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi. Bundan tashqari, Ukrainadan Yevropaning boshqa davlatlari, Turkiya, Moldova, Polsha, Germaniyaga ko‘chib ketgan vatandoshlarimiz ham ko‘p. Ularning soni 500 ga yaqin.

Telegram`dagi guruhimizda ayrim vatandoshlarimiz vaziyat yaxshilangani bois Ukrainaga qaytishni rejalashtirmoqda. Ammo biz bunday qilishni tavsiya etmaymiz, chunki vaziyat keskin o‘zgarishi mumkin, hali hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Bu haqda shahar meri Vitaliy Klichko ham aytgan.

Ukrainada hamon ayrim o‘zbekistonliklar bor, lekin avvalgidek ko‘p emas. Kiyevdagi o‘zbeklarning ko‘p do‘konlari hozir ishlamayapti.

O‘zbekistonliklar bilan sodir bo‘lgan YTH

5 mart kuni Polsha bilan chegarada uch nafar o‘zbekistonlik ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Ulardan biri Otabek Hakimov voqea joyida vafot etdi. Meni Lvovga, jabrlanganlarning qolganlari — Behzod Huseynov va Sherzod Salohiddinovlar yotqizilgan kasalxonaga taklif qilishdi. Ular reanimatsiyada juda og‘ir ahvolda edi.

7 mart kuni afsuski, yana bir hamyurtimiz, Xuseynov vafot etdi. O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida halok bo‘lganlarning jasadlari vatandagi yaqinlariga yetkazildi.

26 mart kuni Salohiddinov kasalxonadan chiqarildi va Polsha orqali O‘zbekistonga qaytarildi. Hozir u uyida oilasi bilan, unda hammasi yaxshi.

«Ukrainada meni hech kim kamsitmagan»

Ko‘pchilik, jumladan O‘zbekistondagilar ham Ukrainada haqiqatan ham natsistlar, banderovchilar, fashistlar bor deb o‘ylashadi. Afsuski. Men 2011 yildan beri Ukrainadaman. Men shu yerda o‘qishni boshlaganman va tugatganman, shifokor bo‘lib ishlayman. Shu 10−11 yil davomida men Ukrainaning ko‘plab shaharlarida bo‘ldim. Lvovda ham yashaganman.

Ba’zilarning aytishiga ko‘ra, go‘yoki aynan Lvov va G‘arbiy Ukrainada natsistlar va banderovchilar ko‘p. Lvovda yashaganimda mahalliy aholi ukrain tilida gaplashardi. Lekin chet ellik ekanligimni ko‘rib, tushunmagan so‘zlarimni ruscha tushuntirishardi. Rus tilida savollar berishardi. Ular bilan rus tilida gaplashganimda, hech qanday muammo bo‘lmagan. Hech kim meni kamsitib, bu yerga nima uchun kelganimni so‘ramagan.

Afsuski, Ukrainadagi fashistlar haqida gapiradigan odamlar Ukrainaga hech qachon kelishmagan yoki bu ma’lumotni Rossiya telekanallaridan olishgan. Bu haqda shu yerda yashaydigan o‘zbekistonliklardan so‘rashingiz mumkin. Ha, ular umuman yo‘q, deb bo‘lmaydi, ular hamma mamlakatlarda uchraydi, lekin ularning faoliyati qonun bilan cheklangan.

Men bu yurtni xavfsiz deb bilaman, shuning uchun ham shuncha yillardan beri shu yerda yashayabman. Hech kim menga xafa qiladigan so‘z aytmagan.

Ukrainada ham bizdagi kabi odamlar yashaydi. Ular Yevropadagidek, rivojlangan davlatlar kabi yashashni xohlashadi. O‘zga yurtdan kelganlar «bunday emas, biz xohlagandek yashaysizlar» deyishlarini noto‘g‘ri deb hisoblayman.