Vazirlar Mahkamasi yangi Yo‘l harakati qoidalarini Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi uchun joylamasdan, tasdiqlagani haqida yozgan edik.

«Gazeta.uz» mart oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan hujjatlar toifasiga ayrim o‘zgartirishlar kiritilganini aniqladi.

Prezidentning 2018 yil 13 apreldagi [PQ-3666-son] qarori bilan 2018 yil 1 maydan «barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim"ligi belgilab qo‘yilgandi.

Aniqlanishicha, mazkur tartib prezidentning 2022 yil 17 martdagi [PF-89-son] farmoni bilan quyidagicha tahrirga o‘zgartirilgan:

«Muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasida, loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilishi lozim».

Qaysi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari «muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega» bo‘lishini kim aniqlab berishi haqida hujjatda so‘z ketmagan.

Mazkur o‘zgartirish natijasida Vazirlar Mahkamasi (boshqa davlat tashkilotlari ham) yangi Yo‘l harakati qoidalari loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilmasdan tasdiqlab yuborish vakolatiga ega bo‘lgan.

Iqtisodchi Shuxrat Kurbanov «YHQni o‘zgartirishni odamlar bilan muhokama qilishni unutishgan ekan, u bu kabi hujjatlarga taalluqli bo‘lmasa kerak», deb yozdi.

«Bundan kelib chiqadiki, biz turli xil qarorlar, farmonlar, farmoyishlar va boshqalarni qabul qilishga ta’sir ko‘rsatish uchun bitta muhim vositani yo‘qotdik. Agar ular muhim ahamiyatga ega bo‘lmasa. Ilgari, hech bo‘lmaganda bizning fikrimiz eshitilishi uchun nozik imkoniyat bor edi. Endi yana bitta vositaga kamaydi. Fol ochaman, keyinchi qadam — ushbu portalni navbatdagi yangilash bilan yopish bo‘ladi», — deyiladi postda.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida yo‘l harakati xavfsizligi masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda xalqaro standartlarga asoslangan yangi yo‘l harakati qoidalarini ishlab chiqish zarurligini, chunki amaldagilari «sezilarli darajada eskirgan"ini ma’lum qilgan edi. U barcha o‘zgarishlarni «deputatlar, ekspertlar va jamoatchilik bilan muhokama qilish» orqali ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Biroq «Gazeta.uz»ning bunday muhokamalardan xabari yo‘q.

Yangi Yo‘l harakati qoidalari hujjatida bahsli jihatlar yetarlicha. Misol uchun, yangi tartibda ham aholi punktlarida standart maksimal tezlik o‘zgarishsiz (70 km/soat) qoldirildi. Respublika komissiyasi uni yirik shaharlarning ma’lum joylarida 60 km/soatgacha kamaytirishi mumkin. Maktablar va bolalar bog‘chalarida tezlik 30 km/soat, aholi turar joylarida 20 km/soatni tashkil etdi.

2018 yilda Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi shaharda tezlikni pasaytirish imkoniyatlari o‘rganilayotgani haqida ma’lum qilgan, biroq keyingi yillarda bu mavzu ko‘tarilmagan. O‘zbekistonda tezlik chegarasi hatto sobiq SSSR davlatlari orasida ham eng yuqori bo‘lib qolmoqda.

YHQning yangi tahririda prezidentning maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinidagi aholi punktlarida transport harakatini 30 km/soatgacha cheklash to‘g‘risidagi topshirig‘i (xalqaro tashkilotlar tavsiyalariga mos keladi) aks ettirilgan. Ushbu cheklov 300 m masofada amal qiladi. Uning qanday amalga oshirilishi (belgilar, gorizontal belgilar yoki boshqalar yordamida) va qanday boshqarilishi (sun’iy notekisliklar, tirbandlikni sokinlashtirishning boshqa usullari, kameralar va boshqalar) aniqlashtirilmagan.

Aholi turar joylari va unga tutash hududlarda (turar-joy binolari orasidagi yer uchastkasi) tezlik chegarasi 30 dan 20 km/soatgacha pasaytirildi. Bu qanday amalga oshirilishi va nazorat qilinishi ham aniq emas. Endilikda cheklov borligiga qaramay, hamma joyda ham kuzatilmayapti, aholi turar joylari va mahallalardagi ko‘chalar asfaltlanganidan so‘ng ular yanada xavfli tus olmoqda.

2018 yilda O‘zbekistonda aholi punktlarida maksimal tezlikni 70 dan 60 km/soatgacha kamaytirish taklif qilingan edi. Biroq hukumat tomonidan qabul qilingan 2018−2022 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l harakati xavfsizligi konsepsiyasining yakuniy tahririda bu band chiqarib tashlandi.

Prezidentning harakatni sekinlashtirish zarurligi haqidagi bayonotidan so‘ng, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIV Jamoatchilik xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayev O‘zbekiston Vision Zero strategiyasi elementlarini hayotga tatbiq eta boshlaganini ma’lum qildi. Hozircha bu yo‘nalishda ham qat’iy choralar ko‘rilmadi.

1 maydan boshlab avtomobilning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchilar xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart bo‘ladi. Orqa o‘rindiqlarda xavfsizlik kamarini taqish va maxsus bolalar o‘rindig‘idan foydalanish tavsiya sifatida qolmoqda.