7 aprel kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiyaning BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha qaror qabul qildi. Ukraina va BMTga a’zo 50 dan ortiq davlatlar taklif etgan rezolyutsiyani 93 davlat qo‘llab-quvvatladi. Rezolyutsiyaga qarshi ovoz berganlar orasida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Belarus va boshqalar bor edi.

O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov Bosh Assambleyaning ushbu yig‘ilishida O‘zbekiston delegatsiyasi nima uchun rezolyutsiyaga qarshi ovoz berganligiga to‘xtaldi.

«O‘zbekiston Ukrainadagi amaldagi vaziyat yuzasidan vazmin, neytral pozitsiyada bo‘lib, tomonlar xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalari asosida vaziyatni faqat siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilishning o‘zaro maqbul yo‘llarini topishlariga umid bildiradi», — dedi mamlakat vakili.

«Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari kengashidagi a’zolik huquqini to‘xtatib turish bo‘yicha rezolyutsiyaga qarshi ovoz berdi. Bosh Assambleyaning 60/251-sonli rezolyutsiyasi 8-bandiga muvofiq, Bosh Assambleyaning yig‘ilishda qatnashayotgan a’zolarning uchdan ikki qismining ko‘pchilik ovozi bilan o‘sib borayotgan va tizimli inson huquqlari buzilishini amalga oshirayotgan Kengash a’zosining Kengashdagi a’zolik huquqini to‘xtatish qarori gumon qilinayotgan qoidabuzarlikning puxta tergovi natijasiga asoslangan bo‘lishi kerakligiga ishonchimiz mustahkam», — deya ta’kidladi Baxtiyor Ibragimov.

Qozog‘iston vakili Yerlan Alimbayev uning mamlakati ushbu rezolyutsiyaga qarshi ovoz berishini ma’lum qildi.

«Birinchi navbatda, bizning fikrimizcha, ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishi mojaroning hal qilinishiga hissa qo‘shmaydi. Hozirgi paytda yuzaga kelgan vaziyatda muzokaralar jarayoniga putur yetkazmaslik juda muhim. Barchamiz muammoni tez hal qilish yechimlarini topish uchun barcha xalqaro forumlardagi, shu jumladan Inson huquqlari kengashidagi, diplomatik vositalardan foydalanishimiz lozim», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «inson huquqlarining qo‘pol va tizimli ravishda buzilganligini» tasdiqlash uchun shaffof, xolis va professional tergovning natijalari kerak.

«Shu sababdan Bosh Assambleyada bugungi rezolyutsiyaning ko‘rib chiqilishidan oldin tegishli xalqaro mexanizmlar doirasida Ukrainada inson huquqlarining buzilishi har tomonlama tergov qilinishi kerak. Bosh Assambleya bugungi ushbu masalani faqatgina aniq xulosalar va ishonchli ma’lumot olganidan keyingina ko‘rib chiqishi mumkin deb hisoblaymiz. Yuqorida ta’kidlanganlarni hisobga olgan holda, bugun biz ushbu rezolyutsiya loyihasiga qarshi ovoz berishimizga to‘g‘ri keladi», — deya ta’kidladi Yerlan Alimbayev.

Qirg‘izistonning BMTdagi vakili Aida Kasimaliyeva Rossiyaning kengashdagi a’zoligini to‘xtatib turish bo‘yicha qarorni «siyosiy» qaror deb atadi. U ham mustaqil tergov o‘tkazish kerakligi va ikkala tomoning natijalari va tahlillarini o‘rganish kerakligini qayd etdi.

Boltiqbo‘yi davlatlari nomidan gapirgan Litvaning BMTdagi doimiy vakili Ritis Paulauskas xalqaro hamjamiyat «Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi hamda xalqaro huquq va BMT Xartiyasini tizimli ravishda buzishiga javoban qat’iy harakatlar qilinishi bo‘yicha so‘ziga sodiq turganligi»ni ta’kidladi.

«Ushbu rezolyutsiyaning sharofati bilan biz ushbu tashkilotda agressorga joy yo‘qligini ko‘rsatib, Inson huquqlari kengashining yuzini saqlab qoldik. Biz so‘nggi kunlarda Bucha va Ukrainaning boshqa shaharlaridagi qotilliklar, tinch aholining ommaviy o‘limi tasvirlarini ko‘rib, hayratga tushdik», — dedi diplomat.

CNN BMT Inson huquqlari Kengashidagi manbalariga tayanib yozishicha, ovoz berish jarayonidan oldin Rossiya BMT a’zo davlatlari ushbu rezolyutsiyaga ovoz bersa, buning «oqibatlari» bo‘lishi haqida ogohlantirib, nota jo‘natgan.

«Notada „faqatgina ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash emas, balki ovoz berishda undan masofalangan pozitsiyada bo‘lish (betaraf qolish yoki ovoz berishda qatnashmaslik) ham nodo‘stona harakat sifatida ko‘riladi“ deyiladi», — deya ta’kidlaydi CNN.

Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Senatdagi chiqishida O‘zbekiston Ukrainadagi vaziyatga tinch yo‘l bilan yechim topish va mojaroni siyosiy diplomatik vositalar yordamida hal qilish tarafdori ekanini, lekin buning uchun birinchi navbatda harbiy harakatlar, zo‘ravonliklar zudlik bilan to‘xtatilishi zarurligini ta’kidlagan edi. «O‘zbekiston Respublikasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan oladi. Biz Lugansk va Donetsk xalq respublikalarini tan olmadik», — degan edi u.

Ma’lumot uchun, BMTning Inson Huquqlari Kengashi 47 ta a’zo davlatdan iborat bo‘lib, ularning har biri Bosh Assambleya a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashirin ovoz berish yo‘li bilan adolatli geografik taqsimot tamoyili asosida saylanadi.

O‘zbekiston 2020 yil oktabr oyida BMT Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasiga ilk bor uch yillik muddatga (2021−2023) saylangan edi.

Ovoz berishdan oldin so‘zga chiqqan Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa «inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzadigan davlatning Inson huquqlari kengashidagi a’zoligini to‘xtatib turish tanlov emas, balki majburiyat» ekanini aytdi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Gennadiy Kuzmin esa ko‘rib chiqilgan rezolyutsiya loyihasi, aslida, inson huquqlari sohasidagi vaziyatga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.