Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi «Toza hudud» davlat unitar korxonasiga 120 mln dollar ajratmoqda. Bu haqda bank matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Moliyaviy paket Xorazm viloyatida zarur infratuzilmani modernizatsiya qilish uchun 50 mln dollar va Qoraqalpog‘istonda shu kabi maqsadlar uchun 70 mln dollarlik kreditdan iborat.

«Bu O‘zbekistonning Parij kelishuviga muvofiq iqtisodiyotni karbonsizlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlariga hissa qo‘shadi va qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish bo‘yicha milliy strategiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Bu strategiya aholisining yarmidan kamrog‘i zamonaviy maishiy chiqindilarni qayta ishlash xizmatlaridan foydalanayotgan O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biridir», — deyiladi YeTTB xabarida.

«Xorazm va Qoraqalpog‘istondagi mavjud chiqindi poligonlarning birortasini sanitariya talablariga javob beradi deb bo‘lmaydi, — deyiladi xabarda. — Ularda elementar himoya yoki maxsus xizmat ko‘rsatish uskunalari yo‘q va shuning uchun bu holat atrof-muhit hamda aholi salomatligiga jiddiy tahdid soladi».

1,7 mln aholi istiqomat qiladigan Xorazm viloyatida yiliga 280 ming tonnaga yaqin qattiq maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. Viloyat aholisining 67 foizi istiqomat qiladigan qishloq joylarida 10% aholigina chiqindilarni qayta ishlash xizmatlaridan foydalanadi

50 mln dollarlik kredit Yevropa Ittifoqi talablariga javob beradigan, integratsiyalashgan mexanik va biologik tozalash inshootlariga ega, chiqindilarni saralash va kompostlash qurilmalari bilan jihozlangan ikkita sanitariya poligonini qurishni moliyalashtirishga qaratilgan. Shuningdek, bu oltita chiqindi tashish stansiyasini qurish va poligonni boshqarish uchun maxsus avtomashinalar va uskunalar xarid qilishga yordam beradi.

Qoraqalpog‘istonning qariyb 2 mln aholisi yiliga 187 ming tonnaga yaqin qattiq maishiy chiqindi ishlab chiqaradi. Viloyat aholisining yarmi qishloqlarda istiqomat qiladi, ularning faqat uchdan bir qismi chiqindi tashish xizmatlari bilan qamrab olingan.

70 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit Yevropa Ittifoqi talablariga javob beradigan yangi sanitariya poligonini qurish va uchta mavjud poligonni modernizatsiya qilishga yordam beradi, shuningdek, integratsiyalashgan mexanik va biologik tozalash inshootlari bilan jihozlanadi. YeTTB Qoraqalpog‘istonda qattiq maishiy chiqindilarni o‘tkazish punktlarining hududiy tarmog‘ini tashkil etish va ixtisoslashtirilgan uskunalar sotib olishga ham ko‘maklashadi.

«Ushbu kreditlar hisobidan har bir hududiy kommunal korxona qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning hududiy kompleks tizimini qurish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va yuqori ekologik standartlarni joriy etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Loyihalarning amalga oshirilishi atrof-muhitning ifloslanishi va chiqindixonalardan chiqadigan issiqxona gazlarini kamaytirish kabi katta ekologik manfaatlar keltiradi», — deyiladi YeTTB.

«Biz Xorazm va Qoraqalpog‘istonda zarur bo‘lgan ekologik o‘zgarishlarga ta’sir ko‘rsata olishimizdan xursandmiz. Bu O‘zbekistondagi yashil kun tartibimizning bir qismidir va umid qilamanki, bunday loyihalar mahalliy kommunal xizmatlarni o‘zgartiradi va mahalliy aholining hayot sifatini yaxshilaydi», — dedi YeTTB prezidenti Odil Renaud-Basso.

Bundan tashqari, YeTT ayollar va yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini yaxshilash uchun o‘quv dasturlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kreditlar ajratishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida prezident O‘zbekistonda yillik hosil bo‘layotgan maishiy chiqindilar miqdori 7 mln tonnaga yetganini ma’lum qilgan edi. Ularni qayta ishlash darajasi ba’zi hududlarda past ekani, xususan Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 10 foizni tashkil etishini bildirdi.