15 mart kuni prezident tomonidan imzolangan [PQ-167-son] qarorga asosan O‘zbekistonda keksa avlodni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi ijtimoiy-iqtisodiy chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Hujjatda pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan mehnat shartnomasining bekor qilinishi taqiqlangani bilan bir qatorda mahallalarda keksalarning ijtimoiy faolligini rag‘batlantiruvchi normalar mavjud.

Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan «ishsiz, tarbiyasi og‘ir va muammoli yoshlarni jamiyat uchun foydali fuqarolarga aylantirish» bo‘yicha dasturlar ishlab chiqiladi.

Buning uchun yoshlar «Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul» tamoyili asosida mahallalardagi hurmatga sazovor bo‘lgan keksa avlod vakillari va ziyolilarga biriktiriladi.

Yoshlarning tarbiyasi va axloqida bo‘lgan ijobiy o‘zgarishlardan kelib chiqib nuroniy va ziyolilar «Nuroniy» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan rag‘batlantiriladi.

Mahalla vazirligi vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, korxona va tashkilotlardagi «Faxriylar kengashlari», fuqarolar yig‘inlaridagi «Keksalar maslahati» guruhlarining faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, fuqarolar yig‘inlarida keksa avlod vakillari mahallalarda tibbiy xizmatlar, maktablarda o‘quvchilarning darslarni o‘zlashtirishi, davomati, bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan fuqarolarni ish bilan ta’minlash darajasi va boshqa davlat xizmatlarining ko‘rsatilishi bo‘yicha jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi.

Ta’kidlash joiz, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, nazoratchilar fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashishning oldini olishlari, ularning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari va olingan ma’lumotlarni maxfiy saqlashlari shart.

Qarorda Milliy teleradiokompaniya va Madaniyat vazirligiga «Nuroniylar maslahati», «Mahallada gurung», «Mahalladagi suhbatlar», «Yoshlar nuroniylar nigohida» kabi keksa avlod vakillarining boy hayotiy tajribasiga bag‘ishlangan kundalik ko‘rsatuvlarni tashkil etish vazifasi yuklatilgan.