18 mart kuni birja savdolari natijasida barcha toifadagi shakarning o‘rtacha kunlik narxi o‘tgan kunga nisbatan 15,3 foizga — 1 kg uchun 11 921,9 so‘mdan 10 101,3 so‘mgacha pasaydi. Bu haqda O‘zbekiston tovar-xom ashyo birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tuzilgan bitimlar reyestriga ko‘ra, birjadagi so‘nggi shartnomalar shakar mahsulotining bir kilogrammi uchun 9550,65 so‘mdan tuzilgan bo‘lsa-da, 17 mart kuni lotlarda shakarning bir kilogrammi 12620−12700 so‘mdan sotilgan. Eslatib o‘tamiz, juma kuni ertalabki savdo sessiyasida shakarning butun hajmi sotilgan.

Oxirgi savdo kunida jami 2100 tonna shakar sotildi. «Xorazm shakar» korxonasi birja orqali 1200 tonna, «Angren shakar» korxonasi esa 900 tonna shakar sotgan.

Shakar bo‘yicha o‘tkazilgan birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni 267 taga yetdi va bu 17 martga nisbatan 32% ga, 1 martga nisbatan uch marotabaga ko‘pdir.

«Shakarning xarid qilishda talab darajasidan kelib chiqqan holda, hududlar o‘rtasida mutanosib taqsimot shakllanmoqda. Nisbatan yetakchilik qilgan hududlarga Toshkent shahri va Toshkent viloyati (30%), Samarqand viloyati (12%), Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari (10% dan), Andijon va Buxoro viloyatlari (8% dan) kirdi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 17 mart kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi har bir lotda bir tonnadan kuniga kamida 2000 tonna shakarni birja savdolari orqali sotish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi. Bundan tashqari, har bir xaridorga bir savdo sessiyasida barcha ishtirokchilar uchun teng sharoitlar ta’minlangan holda 20 tonnadan ortiq bo‘lmagan miqdorda sotishga ruxsat beriladi.

Bu mahsulotlarga Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham talab yuqori. Bu davlatlar rasmiylariga ko‘ra, spekulyatsiyalar va sun’iy ravishda yuzaga keltirilgan tanqislik natijasida mazkur mahsulotga bo‘lgan talab borasida ajiotaj kuzatilmoqda.

Shuningdek, Rossiya shakar va g‘alla eksportini vaqtinchalik taqiqlagandi. «Gazeta.uz» bu O‘zbekistonga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqida yozdi.

Avvalroq, 16 mart kuni 140 tonna yuk — asosan shakar ortilgan yuk mashinalari karvoni Hindistondan Pokiston va Afg‘oniston orqali O‘zbekistonga yo‘l olgani xabar qilindi.