O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi Alisher Kurmanov o‘zining Facebook`dagi sahifasi orqali Polsha chegarasida uch nafar o‘zbekistonlik yo‘l transport hodisasiga uchragani haqida xabar berdi.

«O‘zbekistonning uch fuqarosi: Hakimov Otabek Ravshanbek o‘g‘li (2001 y.t.), Xusainov Behzod Jamoliddin o‘g‘li (2001 y.t.) va Solohiddinov Sherzod Shavkat o‘g‘li (2001 y.t.) Polsha chegarasiga kiraverishda avtohalokatga uchradi», — deb yozadi elchi.

Fojia natijasida Otabek Hakimov voqea joyida vafot etgan, qolgan ikki fuqaro esa Lvovdagi shahar kasalxonasiga yetkazilgan.

Ushbu voqealarni inobatga olib, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi ko‘ngillilari guruhi vakili, malakali shifokor Temurbek Yusupov Lvovga jo‘natildi. Uning Lvovga 5 mart kuni kelishi kutilmoqda.

«Hakimov Otabekning yaqinlariga hamdardlik bildirgan holda, jabrlangan vatandoshlarning barcha qarindoshlari va yaqinlarini ishontirib aytamizki, elchixona ularning hayotini saqlab qolish, jumladan, dori-darmonlar bilan ta’minlash va Ukrainaning yetakchi shifokorlari bilan maslahatlashish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshiradi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek elchixona Otabek Hakimovning jasadini xalqimiz an’analariga muvofiq, mumkin bo‘lgan eng tez vaqtda o‘z Vataniga jo‘natish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirayotganini qo‘shimcha qilingan.

Elchi Alisher Kurmanov mazkur masalani hal qilish Ukrainada olib borilayotgan harbiy harakatlar va ommaviy evakuatsiya tufayli murakkablashayotganini tushunishni so‘ragan.