22:00 da Toshkent xalqaro aeroportining kutib oluvchilar uchun mo‘ljallangan zonasida odamlar to‘planishni boshladi. O‘zini Olga Alekseyevna deb tanishtirgan ayolning aytishicha, Boeing 767−300 bortida qizi kelyapti.

«Qizimning ismi noyob ismlardan. Tanib qolishmasliklari uchun aytib o‘tirmayman, — deydi Olga Alekseyevna. — Anya bo‘laqolsin».


Anya Lvov shahrida besh yildan ko‘p yashadi. Onasining aytishicha, u kamyob kasb egasi. Olga Alekseyevna qizining kasbini ham aytishni istamadi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda bu kasb bo‘yicha ish topish murakkab bo‘lgani uchun, Anyaning Lvovda ishlari yurishib turgan ekan, o‘sha yerda yashay qolsin, degan to‘xtamga kelishgan.

Ammo fevral oxiridagi to‘rt kunda yuz bergan hodisalar Anyani ortga qaytishga majbur qildi.

«25 sanalarga borib, notinchliklar shahargacha yetib borishi mumkinligi haqida gap-so‘zlar tarqala boshlagan. Shu paytgacha hammasi tinch bo‘lgan, shunchaki odamlarning o‘zlari turli xabarlar bilan hammayoqni alg‘ov-dalg‘ov qilmoqda. Shunda men unga elchixonaga murojaat qilib, ortga qaytishini aytdim», — deya hikoya qiladi Olga Alekseyevna.


Ayol suhbat davomida so‘zlarni, xuddiki, «oskolka» singari, o‘ta ehtiyotlik bilan tanlaydi. Evakuatsiya haqidagi qarorning qabul qilinishi qo‘rquv sababli bo‘lmagan, deya ta’kidlaydi. Shunchaki vaziyatning o‘zi bosim o‘tkazgan, chunki «atrofdagi odamlar ikkilanib qolishgan, to‘g‘ri axborot olisholmagan».

«Bir tomondan xotirjamlikni saqlash kerakligi aytilsa, ikkinchi tomondan „ogoh bo‘ling, ko‘chaga chiqmaslikka harakat qiling“, deyilgan. Bu ruhan ta’sir qiladi», — deya tushuntiradi Olga Alekseyevna.

Shundan so‘ng, «o‘zingiz tushunasizku» deya, boshqa hech narsa aytolmasligini qo‘shimcha qiladi.


23:06 da «Katovitse-Toshkent» reysining birinchi yo‘lovchilari uchib kelish zalida paydo bo‘la boshladi. Eng chetdagi pasport nazorati punktida katta tezlikda uzun navbat hosil bo‘ldi. Odamlar bir joyda to‘planib qolmasliklari hamda jarayonni tezlashtirish maqsadida, shu paytning o‘zida yana bir nechta punktlar ishga tushiriladi.


Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga Ukrainadan Polsha orqali 251 kishi qaytgan. Ularning 37 nafari bolalar va 10 nafari go‘daklardir.

«Navbatdagi „Katovitse-Toshkent“ reysi 1 martga rejalashtirilgan. Yo‘lovchilarning taxminiy soni hozircha 200 nafardan oshgan. Evakuatsiya reyslarining barchasi davlat hisobidan amalga oshiriladi», — deya ta’kidladi Navro‘z Ashurmatov.


Uchib kelish zalida bagajlar uchun mo‘ljallangan karusellar oralig‘ida suv va qog‘ozli stakanlar qo‘yilgan stol paydo bo‘ladi. Stol ortida aeroport xodimasi kattalar va bolalarni yuzida tabassum bilan qarshi oladi va parvoz qanday o‘tgani haqida qiziqadi.

Bortda uchib kelgan ayollardan biri o‘ziga kamerasini to‘g‘rilagan jurnalistlardan qochadi. Egniga ryukzak ortib olgan, qo‘lida maxsus idishda sariq mushugini ko‘tarib borayotgan bu ayolning ovozi charchoqdan zo‘rg‘a chiqadi: «Iltimos, men to‘rt kun uxlamaganman».


Birinchi evakuatsiya reysining yo‘lovchilaridan biri bo‘lgan Jamol Suleymanov yo‘l juda ham toliqtirganini tan oladi. U avvaliga Lvovdan Ukraina-Polsha chegarasidagi «Korchova» o‘tkazish punktigacha borishganini, so‘ngra «Katovitse» aeroportidan Toshkentga kelishganini aytadi.

Uning aytishicha, yo‘lning eng murakkab bosqichi bu chegaradan o‘tish bo‘lgan.

«Kechasi sovuq edi.Deyarli bir kunni tik oyoqda o‘tkazdik, chunki Polsha chegarachilari bizni o‘tkazmadi. Birinchi bo‘lib ayollar va bolalar o‘tdi», — deya hikoya qiladi Jamol Suleymanov.


U Buxorodan. Ukrainaga ish bilan borgan — tajriba almashgani. Sakkiz oy davomida Lvov markazi hisoblangan Satritskiy tumanida yashagan. Aytishicha, vaqtincha yashashga ruxsatnoma ololmagani uchun O‘zbekistonga qaytishni rejalashtirgan. Sirenalar ovozi esa ushbu qaror qabul qilinishini tezlashtirgan.

«Lvovda harbiy harakatlar yo‘q edi. Faqat sirenalar ishlab turdi, odamlar kim uyida, kim panohgohlarda yashirindi. Hamma asabiy, narsalarni yig‘gan tayyor holat edi. Kurtkalarda, chemodanlarda», — deya hikoya qiladi yosh yigit.


Lvovda ro‘y berayotgan voqealar haqida esa shaharda qolgan do‘stlaridan ma’lumotlar olib turganini aytadi. U feyk ma’lumotlarga duch kelmaslik ehtimolini faqat shu yo‘l bilan pasaytirish mumkinligini aytadi. Jamol, hammasi tugagach, tezroq Ukrainaga qaytishni istashini tan oladi. Eng avvalo o‘sha yerda tanishgan va do‘stlashgan insonlar yoniga qaytishni xohlashini aytadi.


Bagaj karuseli yonida bir erkak turibdi, ko‘zlari bilan tinmay kimnidir qidiradi. Aytishicha, akasi Javlon Kiyevdan Olmaliqqa qaytishni rejalashtirgan.

«U bir yarim yildan buyon o‘sha yoqda. Lavash tayyorlaydigan joyla oshpaz bo‘lib ishlagan», — deya hikoya qiladi o‘zini Jahongir deb tanishtirgan erkak.


Uch kun oldin akasi qo‘ng‘iroq qilgan. Vaziyat nostabilligini va uyga qaytmoqchi ekanligini aytgan. Yo‘lga chiqqanmi-yo‘q yoki qaysi reys bilan chiqqanligini aytmagan.


1 mart kuni mahalliy vaqt bilan v 09:15 Uzbekistan Airways tomonidan Ukrainadan evakuatsiya qilingan bortida 258 nafar fuqaro bo‘lgan ikkinchi maxsus reys Toshkentga yetib keldi. Vatanga jami 509 vatandoshlar qaytarilgan. «Korchova» nazorat o‘tkazish punktidagi to‘planish zonasida yana 650dan ortiq fuqarolar qolmoqda, ular uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ularning evakuatsiyasi uchun qo‘shimcha maxsus bortlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Reyslar soni O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan fuqarolar soniga bog‘liq bo‘ladi. Vatandoshlar evakuatsiyasini O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi muvofiqlashtirib bormoqda.