USM holdingi asoschisi, rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti lavozimini «adolat tiklanmaguncha» to‘xtatdi. Bu haqda federatsiya saytidagi bayonotda ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyalariga aloqador deya hisoblagan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov, boshqa eng boy rossiyaliklar va Rossiya kompaniyalari rahbarlariga sanksiyalar kiritdi.

«2022 yil 28 fevral kuni men Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy qilingan cheklov choralari nishoniga aylandim. Men bunday qarorni adolatsiz deb hisoblayman. Sanksiyalarga mening sha’nim, qadr-qimmatim va biznesdagi nufuzimga putur yetkazuvchi bir qancha soxta da’volar va tuhmatlar asos qilib keltirilyapti. Men o‘z sha’nim va obro‘imni himoya qilish uchun barcha qonuniy vositalardan foydalanaman», — deyiladi bayonotda.

2021 yilning noyabrida Alisher Usmonov uchinchi marotaba Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentligiga saylangan edi. U tashkilotga 2008 yilda rahbarlik qila boshlagan, 2012 va 2016 yillarda qayta saylangan.

Alisher Usmonov (sof boyligi — 15,3 mlrd dollar) USM holdingning asoschisi va asosiy aksiyadori (49%) hisoblanadi. USM «Metalloinvest» va «Megafon» kompaniyalariga egalik qiladi. 2021 yil dekabr oyida holding «MF Texnologii» (VK, sobiq Mail.ru Group) kompaniyasidagi 57 foizlik ulushini «Gazprom» bilan bog‘liq SOGAZ kompaniyalar guruhiga sotdi.

Alisher Usmonov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini moliyalashtirmoqda, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlab qolish, shu jumladan, Toshkentda modernizm me’morchiligini qayta tiklash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. U bilan aloqador bo‘lgan Rossiya kompaniyalari yaqinda «Kapitalbank» va «Ohangaronsement» aksiyalarini qo‘lga kiritgan edi.

Yevropa Ittifoqining sanksiyalar hujjatida aytilishicha, Usmonov — «kremlni qo‘llab-quvvatlovchi oligarx, ayniqsa Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin».

«Uni Vladimir Putinning sevimli oligarxlaridan biri deb atashadi. U moliyaviy oqimlarni ta’minlash ishonib topshirilgan rossiyalik ishbilarmon-amaldorlardan biri hisoblanadi, ammo ularning pozitsiyasi prezidentning xohishiga bog‘liq», — deyiladi YeI hujjatida.

«Shu bilan birga, u Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainadagi beqarorlik uchun mas’ul bo‘lgan rossiyalik qaror qabul qiluvchilarni moddiy yoki moliyaviy jihatdan faol qo‘llab-quvvatlagan», — deya hisoblaydi Yevroittifoq.