23 fevral kuni koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov kovid infeksiyasi tobora kamayib borayotgani sababli (sutkasida 200 tadan kam) cheklovlarni yumshatish, ayrimlarini bekor qilishga to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropaning bir qator davlatlari, Daniya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Shvetsiya kabi davlatlarda niqob taqish bekor qilingan. Shundan kelib chiqib, O‘zbekistonda ham niqob taqishni bekor qilish kerak. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qo‘ydi», — dedi Abdulla Aripov.

1 martdan fuqarolarning ochiq havoda niqob taqish majburligi bekor qilindi. Jamoat transporti, yirik savdo do‘konlari, ta’lim muassasalari, davlat va nodavlat idoralari, masjidlar, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroylari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va boshqa odamlar gavjum joylarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiyot xodimlariga, ular koronavirus bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lishidan qat’iy nazar, niqob taqish talabi qoldiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi 2021 yilning 25 martidan boshlab xodim va ishchilar o‘z ish joyida shaxsiy himoya vositalari (niqob)da bo‘lishi talabini o‘rnatgandi. O‘shanda karantin choralarini buzganlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar qo‘llanilishi aytilgandi.

Pandemiya boshida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida 23 martdan jamoat joylarida shaxsiy himoya vositalari (niqob)siz bo‘lgan shaxslarga «ogohlantirish» berilishi, takror huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda jarimaga tortilishi xabar berilgandi.

2021 yil 25 mart kuni soat 6:00 dan boshlab ushbu holat qayd etilsa — BHMning 1 barobari (223 ming so‘m) miqdorida, mazkur holat yana qaytariladigan bo‘lsa — BHMning 3 baravari (669 ming so‘m) miqdorida jarima qo‘llanilishi ma’lum bo‘lgandi.