Prezident 18 fevral kuni imzolagan qonun [755-son] bilan «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritildi.

«Gazeta.uz»ga Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati boshlig‘i v.b. Husan Tangriyevning xabar berishicha, qonunning quyidagi moddalariga o‘zgartishlar kiritilgan:

3-moddaga ko‘ra, endilikda bojxona organlari asosiy vazifalari qatorida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda o‘z vakolatlari doirasida ishtirok etishadi.

6-moddaсида asosan O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi raisi zarur hollarda bojxona organlarining tashkiliy-shtat tuzilmalariga belgilangan umumiy shtatlari soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartishlar kiritishga haqli. Avvalgi tahrirda «mehnatga xaq to‘lash fondi» so‘zi mavjud emas edi.

7-moddaсиga muvofiq, bojxona organlarining huquqlari sirasiga bojxona auditini amalga oshirish hamda jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda pulli xizmatlar ko‘rsatish mumkin.

11-modda bilan bojxona organlari xodimlari bojxona nazoratini amalga oshirishda maxsus vosita sifatida xizmat itlaridan foydalanishi mumkin. Avvalgi tahrirda esa faqat «xonalarni ochib kirish va transport vositalarini majburiy to‘xtatish qurilmalari, qo‘lkishanlari, rezina tayoqlar, ko‘zdan yosh oqizuvchi moddalar, shuningdek boshqa maxsus vositalar va texnikalar» nazarda tutilgandi.

13-modda 4-qism qayta tahrir qilindi. Unga ko‘ra, endilikda faqatgina prezidentning farmoni, qarori yoki farmoyishi, shuningdek roziligi yoki Vazirlar Mahkamasining qarori yoxud Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘i asosida — boshqa davlat organlarining va tashkilotlarining xodimlari bojxonaga ishga qabul qilinishi mumkin. Qolaversa, DBQ raisining buyrug‘i asosida — yoshi 30 dan oshgan, tor ixtisoslikdagi yuqori malakali mutaxassislar qabul qilinadi.

Shuningdek, qonunda aynan kimlar ishga qabul qilinmasligi ham aniqlashtirildi.

Quyidagilar bojxona organlariga xizmatga qabul qilinishi mumkin emas:

  • muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan fukarolar;
  • xizmatni o‘tashga monelik qiladigan kasalligi yoki jismoniy nuqsonlari bo‘lgan fuqarolar;
  • boshqa davlat organlaridan salbiy sabablarga ko‘ra bo‘shatilgan fuqarolar;
  • sodir etgan jinoyati uchun ilgari hukm qilinganlar, qo‘llanilgan jazo turidan, sudlanganlik holati tugatilganligidan yoki olib tashlanganligidan va o‘ziga nisbatan amnistiya akti yoki afv etish qo‘llanilganligidan qat’i nazar yoxud yarashuv munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan fuqarolar.

Bundan tashqari, bojxona organlariga qabul qilingan xodimlar (Bojxona instituti bitiruvchilaridan tashqari) majburiy tartibda birlamchi kasbiy qayta tayyorgarlikdan o‘tadi.

Qolaversa, bojxonachilar endi har 2 yilda emas, balki Davlat bojxona qo‘mitasi raisining buyrug‘iga muvofiq malaka oshirishdan o‘tadi.

DBQ raisining buyrug‘i bilan O‘zbekiston yoki chet davlatning OTM va tashkilotlariga magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga yuborilgan bojxona organi xodimi o‘qish davrida, oxirgi egallagan lavozimidagidan kam bo‘lmagan miqdorlardagi pul ta’minoti saqlangan holda bojxona organlarining ixtiyorida qoldiriladi.

Ma’lumot uchun, 17 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev bojxona tizimini isloh qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi. Bitta postda 3 yil ishlagan bojxonachilar esa rotatsiya qilinadi.

Yig‘ilishda xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish chora-tadbirlari ham belgilab berildi. Jumladan, Olot, Guliston, Termiz va boshqa hududlardagi olis postlarda ishlaydigan xodimlar uchun xizmat uylari barpo etiladi. Prezident bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratilishini ma’lum qildi. Qolaversa, har yili uy-joyga ehtiyoji bor 100 nafar xodimga imtiyozli ipoteka krediti beriladi.