Vazirlar Mahkamasining 16 fevraldagi «Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini (Jamg‘arma) tashkil etish to‘g‘risida»gi [72-son] qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan «Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi kuzatuv kengashining (Kuzatuv kengashi) tarkibi» va «Hokim yordamchilari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risida»gi nizom (Nizom) tasdiqlandi.

Unda hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida iqtisodiyot va investitsiya komplekslariga kiruvchi vazirliklar, idoralar, tijorat banklarining har bir tuman va shaharga biriktirilgan ma’sul xodimlari — respublika vakili bo‘lishi qayd etilgan.

Nizomda respublika vakili va hokim yordamchilariga ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya ajratish tartibi belgilangan.

Unga ko‘ra, yil yakuni bo‘yicha o‘ziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan respublika vakillariga va hokim yordamchilariga ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun uy-joy qiymatining 50 foizgacha (biroq 150 million so‘mdan oshmagan miqdorda) subsidiya to‘lab beriladi.

Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan esa hokim yordamchilari ish haqining avvalgi ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi miqdoridan kam bo‘lgan qismini kompensatsiya qilish harajatlari har oy yakuni bilan amalga oshiriladi. Kompensatsiya mexanizmi Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Shuningdek, boshqa hududlardan kelib ishlayotgan hokim yordamchilari va respublika vakillari uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) ikki baravari miqdorida turar joy ijarasi harajatlari uchun kompensatsiya to‘lanadi.

Nizomda qayd etilishicha, nafaqat hokim yordamchilari, balki respublika vakillari ham samarali faoliyati uchun rag‘batlantirib boriladi.

«Onlayn mahalla» elektron platformasiga qarab hokim yordamchilarining faoliyati qoniqarli deb topilganda — oylik ish haqining 15 foizi, yaxshi deb topilganda — oylik ish haqining 30 foizi, a’lo deb topilganda — oylik ish haqining 50 foizi miqdorlarida ularga oylik mukofot puli to‘lanadi.

Ish faoliyatida yaxshi natijaga erishgan Respublika vakillariga mehnatga xaq to‘lashning eng kam miqdorining 4 baravarigacha (822 000 so‘m — tahr.) miqdorda oylik mukofot puli to‘lab beriladi.

Shuningdek, respublika vakillarining o‘z shaxsiy avtomobilidan foydalanayotgani uchun har chorakda bir marta har oy uchun benzinda harakatlanadigan avtomobillarga — 2 mln 150 ming so‘mгача, tabiyiy gazda mashinalarga — 1 mln 350 ming so‘mгача kompensatsiya to‘lovlari amalga oshirilishi belgilangan.

Bunda respublika vakillari tomonidan hisobot choragi davomida 3500 km masofa to‘liq bosib o‘tilganda, kompensatsiya to‘lovlari yuqorida ko‘rsatilgan miqdorlarda to‘liq beriladi. Agarda hisobot davrida mashinada yo‘l bosish miqdori 3500 kmdan kam bo‘lsa, kompensatsiya miqdori bosilgan masofaga mutonosib miqdorda to‘lanadi. Bularni amalga oshirish mexanizmi esa Kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.

Bundan tashqari, Nizomda respublika vakillarining bir oyda bir marta doimiy yashash joyiga (agar ularning doimiy yashash joyi boshqa hududda joylashgan bo‘lsa) temir yo‘l transportida borib kelishi uchun kompensatsiya chipta taqdim qilingan taqdirda — harajatlarning «ekonom» tarifi bo‘yicha 100 foizi, «biznes» tarifi bo‘yicha 70 foizi (samolyotda uchish bundan mustasno) to‘lab beriladi.

Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston islohatchisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan xodimlarga BHMning 5 baravari (1 mln 350 ming so‘m) miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Eslatib o‘tamiz, «Gazeta.uz» hokim yordamchilarining oylik maoshi ular biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda belgilanishi haqida yozgandi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 6 baravari — 4 mln 932 ming so‘m;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada — MHTEKMning 6,5 baravari — 5 mln 343 ming so‘m;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada — MHTEKMning 7 baravari — 5 mln 754 ming so‘m.

10 yanvardan boshlab O‘zbekistonning barcha hududlarida 9311 nafar hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshlagani haqida yozgan edik.