2025 yilgacha Toshkentda barcha tumanlarni markaz bilan bog‘laydigan 11 ta magistral avtobus yo‘nalishini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ular uchun tezkor harakatlanishga mo‘ljallangan alohida yo‘laklar ajratiladi. Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan fevral boshida tasdiqlangan poytaxt jamoat transporti tizimini rivojlantirish konsepsiyasida ko‘zda tutilgan.

Hujjat davlat rahbari Toshkentga tramvay harakati qaytarilishini e’lon qilganidan bir necha kun avval qabul qilingan. Shu munosabat bilan konsepsiyaning qayta ko‘rib chiqilishi g‘ozircha noma’lum.

2022 — 2025 yillarda maxsus yo‘laklar tashkil etilishi rejalashtirilgan ko‘chalar ro‘yxatiga Keles yo‘li, Ahmad Donish, Bog‘ishamol, Buyuk Ipak yo‘li, Maxtumquli, Farg‘ona yo‘li, Lutfiy, Beshqayrag‘och, Ko‘kcha darvoza va Beruniy kiritilgan. Shu bilan birga, joriy yilda Ahmad Donish ko‘chasida alohida yo‘lak paydo bo‘lishi kerak. Prezident qarorida avtobus yo‘laklari avtomobillar qatorlaridan qanday ajratilishi — oddiy chiziqlar yordamidami yoki ma’sus to‘siqlar — aniq keltirilmagan.

16 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i, «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi rahbari Anvar Jo‘rayev asosiy yo‘nalishlarda faqat katta sig‘imli avtobuslar harakatlanishini aytdi.

Hozir poytaxtda faqat bitta ajratilgan (belgilar yordamida) yo‘lak bor — yaqinda rekonstruksiya qilingan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida. Chiziqni to‘laqonli deb aytib bo‘lmaydi — u chorrahalarda uzilib qoladi va belgilar yetarlicha yaxshi ko‘rinmaydi. Ko‘cha bo‘yicha unga avtomobillar qo‘yib ketiladi, mashinalar yo‘q joylarda ham avtobuslar muntazam yuravermaydi. Ko‘pchilik haydovchilar bu yo‘lakning faqat avtobuslar uchun ekanligini bilmaydi ham.

Avtobus «Farg‘ona yo‘li»da maxsus yo‘lakning yonidan yurmoqda. Orqaroqda esa ko‘chani kesib o‘tib borish mumkin bo‘lgan bekat.

Yaqin kunlarda Farg‘ona yo‘li ko‘chasi bo‘ylab 81-sonli yo‘nalishda elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ular bir necha kundan buyon shahar markazidagi 51-sonli yo‘nalish bo‘ylab harakatlanishmoqda.

Avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklardan maqsadli foydalanilmayotgani haqidagi fikrga javob berar ekan, Anvar Jo‘rayev: «Maqsadli foydalanishi uchun majburlaymiz, u ishlaydi», — dedi.

«Ushbu yo‘lak ish berishi uchun qonunbuzarliklarni foto va videoga olish vositalari o‘rnatiladi. Hozir u yerda shaxsiy mashinalar qo‘yib ketilmoqda va bugungi kunda mazkur liniya ishlayotgani yo‘q», — deb tan oldi u.

Avvallari Farg‘ona yo‘lida tramvay qatnovi amalga oshirilgan. Uning qaytish-qaytmasligi noma’lum. Bungacha BRT (tezyurar avtobus) liniyasini qurish rejalari e’lon qilingan, biroq ular amalga oshirilmagan.

Transport boshqarmasi boshlig‘ining qo‘shimcha qilishicha, 2023 yilda alohida yo‘laklarda harakatlanadigan 50 ta o‘n sakkiz metrli quyosh elektrobuslarini xarid qilish rejalashtirilgan.