«Navoiy ko‘chasiga tramvay qaytarilmaydi». Toshkent hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Daryo.uz muxbirining savoliga shunday qisqa javob berdi.

Tadbir «Gazeta.uz»da «Navoiy ko‘chasini ham shossega aylantirishga qaror qilindi» sarlavhali maqola e’lon qilganidan so‘ng tashkil etildi.

Jurnalistlarda Toshkentda tramvay qatnovi tiklanishi haqida aniqlashtiruvchi savollarni berish imkoni bo‘lmadi. Transport boshqarmasi boshlig‘i va «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi raisi tramvay bo‘yicha alohida dastur qabul qilinishini ta’kidlashdi, xolos.

Matbuot anjumaniga qadar loyiha ishlab chiquvchilari, jumladan turkiyalik mutaxassislar uni qayta ishlab chiqishdi. Unda «Gazeta.uz»ning ko‘chada jamoat transporti uchun alohida yo‘lak ajratilmagani haqidagi eslatmasi inobatga olingan. Yo‘laklar ko‘chaning har ikki tomoniga o‘ng tomondagi eng chet qatorlarga qo‘shilgan. Mashina qo‘yish joylari esa ko‘zda tutilmagan.

Loyihachilar Navoiy-Paxtakor chorrahasini rekonstruksiya qilish loyihasini ham qayta ko‘rib chiqishdi. Uni T shaklida qoldirishga qaror qilindi.

O‘zbekiston Transport vazirligining Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi direktori Murod Obidovning aytishicha, bir kun avval hokimlik tomonidan kiritilgan loyiha yakuniy emas. Ko‘rsatilgan yangi loyiha ham o‘zgarishi mumkin. Loyiha ilmiy yondashuv va mutaxassislarning hisob-kitoblari hamda kompyuter dasturi asosida ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Navoiy-Labzak chorrahasini avval namoyish etilgan taqdimotdagidek qoldirish rejalashtirilgan — bitta piyodalar o‘tish joyisiz va qisman tartibga solinmaydigan qilib qoldirilgan o‘tish joyi bilan.

Baxtiyor Rahmonov mazkur chorrahani rekonstruksiya qilish loyihasi sinov tariqasida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. U ishga tushirilgandan keyin samaradorligi baholanadi va shundan so‘ng chorraha «etalon» sifatida qabul qilinishi mumkin. Undan namuna olib, ko‘chadagi boshqa chorrahalar ham rekonstruksiya qilinadi.

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bir kun avval «Gazeta.uz»ga ishlab chiqilgan loyiha yoqmayotgan bo‘lsa, o‘z taklifini bildirishni aytgani singari, hokimning birinchi o‘rinbosari ham jurnalistlardan o‘z loyihalarini taqdim etishni so‘radi.

Jurnalistlar jahon poytaxtlari tajribasini misol qilib keltirishdi. Xususan, o‘tkazuvchanlik (avtomobillar soni) emas, balki yuk ko‘tarish qobiliyatini (tashilgan yo‘lovchilar soni) oshirish birinchi o‘ringa qo‘yilgani, jamoat transportini jadal rivojlantirishga e’tibor qaratilib, rag‘batlantirilayotgani, odamlarni shaxsiy avtomobillaridan uzoqlashtirish maqsadida hatto noqulayliklar — ko‘chalarni toraytirish, yo‘laklarni kengaytirish, tezlikni pasaytirish, to‘xtash joyi narxlarini oshirish kabi ishlar olib borilayotgani aytib o‘tildi.

Hokimlik ma’muriyati vakili rekonstruksiyadan so‘ng avvallari gavjum bo‘lgan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida harakat jadallashgani, avtohalokatlar soni kamayganini ta’kidladi. U ko‘cha piyodalar uchun noqulayroq, xavfliroq va tajovuzkorroq bo‘lib qolgani haqidagi fikrlarga qo‘shilmadi.

Shuningdek, u shaharning boshqa ko‘chalarida bo‘lgani kabi Navoiy ko‘chasida ham harakat tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilishiga ishonch bildirdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent markazida tezlikni «50−60 km/soat»ga tushirish zarurligini ta’kidlagan edi, biroq rasmiy xabar va bayonotlarda «50» raqami uchramaydi.

Nima uchun yuz minglab insonlar manfaatlariga daxldor bo‘lgan bu kabi muhim loyihalar jamoatchilik bilan muhokama qilinmayapti, degan savolga Baxtiyor Rahmonov munozaralar oylab cho‘zilishi mumkin, deya javob berdi.

Yakunda hokimning birinchi o‘rinbosari tashabbus guruhini tuzish taklifi bilan chiqdi. Uning tarkibiga shahar mavzularini yorituvchi jurnalistlar, shuningdek, Navoiy ko‘chasi o‘tadigan mahallalar vakillari (ular ham yig‘ilishga taklif qilingan, lekin ular so‘zga chiqmadi) kiritiladi.

Baxtiyor Rahmonov yig‘ilishni quyidagicha yakunladi: Navoiy-Labzak chorrahasi tajriba tariqasida rekonstruksiya qilinadi, bajarilgan ishlar bahosi keyinroq beriladi, zarurat tug‘ilganda «kallaklanadi», lekin loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqilmaydi.