Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i 2022 yil yozida foydalanishga topshiriladi. Bu haqda istirohat bog‘ini yangilash va ta’mirlash loyihasi rahbari, BMP Smart Decision Management asoschisi Otabek Mirzajonov ma’lum qildi.

Tuman hokimligi matbuot xizmatiga bergan intervyusida tadbirkor bugungi kunda kompaniya loyihaga 4 mln dollar sarmoya kiritganini ma’lum qildi. Investitsiyaning umumiy hajmi 10 mln dollarni tashkil etadi.

«Rekonstruksiya davomida biz parkda mavjud bo‘lgan barcha attraksionlarni yangilaymiz, 30 ta attraksionga chet el davlatlari — Rossiya, Xitoy, Ukraina, Turkiya korxonalari bilan shartnomalar tuzilgan. 90 foiz attraksion O‘zbekistonga kelib tushgan, qolganlari yo‘lda. Bu attraksionlar bilan biz bog‘ mehmonlariga qulaylik va madaniy xordiq chiqarishga imkoniyat yaratib beramiz», — dedi u.

Otabek Mirzajonovning ishontirishicha, rekonstruksiya jarayonida birorta ham daraxtga (9 mingtadan) zarar yetmagan. Hozir yangi sug‘orish tizimi o‘rnatilmoqda. O‘z navbatida, senator Bahodir Tojiyev istirohat bog‘larida olib borilayotgan qurilishlar tufayli sug‘orish tizimiga zarar yetayotgani, natijada daraxtlarning qurishi va kasallanishi holatlari ko‘payayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Masalan, G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘ida 15 tup, Olmazor tumanidagi Abdulla Qodiriy bog‘ida 35 tup daraxt qurib qolgan.

«Bog‘imizni 2022 yilning yozida ishga tushirish rejalarimizda turibdi. Bog‘da 400 tadan ortiq ish o‘rinlarini yaratamiz. Kuniga kamida 10 ming kishining bemalol xordiq chiqarishi uchun imkoniyat yaratiladi», — dedi u.

Bog‘ 2019 yil may oyida va 2021 yilning iyunida. Manba: Google Earth.

Loyiha va singapurlik ta’sischi haqida

Singapurning BMP Smart Decision kompaniyasi O‘zbekistonda BMP Smart Decision Management kompaniyasini tashkil etib, uning 99 foiz ulushiga egalik qilmoqda. Otabek Mirzajonov qo‘lida esa 1 foizlik hissa mavjud.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi 670-f-sonli farmoyishi va Toshkent shahar hokimining 2019 yil 15 avgustdagi qarori (ikkala hujjat ham ochiq ma’lumotlar bazalarida mavjud emas) asosida G‘afur G‘ulom parki BMP Smart Decision kompaniyasiga ijaraga berilgandi. Kompaniya investitsiya majburiyatlari qatorida modernizatsiya qilish va «jahon standartlariga javob beradigan» zamonaviy bog‘ barpo etishi lozim edi.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, BMP Smart Decision kompaniyasi 2019 yil 13 fevral kuni ustav fondi 1000 singapur dollari (729 dollar atrofida) bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Asosiy faoliyat turi — boshqa qurilish obyektlarini, (o‘yin majmualari), ikkinchi darajali faoliyati esa — mavzuli bog‘larni bunyod etishdan iborat. Singapur kompaniyasi asoschisi Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi o‘zbekistonlik Sherzod Xalimov bo‘lib chiqdi.

Toshkent hokimligi yana bir bor G‘afur G‘ulom nomidagi istirohat bog‘i fuqarolar dam olish joyi sifatida yashil zona bo‘lib qolishini ta’kidladi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda uning o‘rnida turar-joy majmuasi yoki biznes-markaz quriladi, degan gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Avvalroq, 2019 yil sentabr oyida hokimiyat obyektni investorga topshirish bilan bog‘liq vaziyatni izohlab, G‘afur G‘ulom bog‘i rekonstruksiya qilinganidan keyin «jamoat uchun» bo‘lib qolishini, tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishini va «bitta daraxtga tegilmasligini» aytgan edi.

2021 yilning dekabrida esa Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘afur G‘ulom bog‘ini 49 yilga ijaraga olgan investor o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganini ma’lum qilib, bog‘ni ijaraga berish masalasi qayta ko‘rib chiqilishini aytdi.