Farg‘ona vodiysidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (metan zapravkalar) 15 fevral soat 13:00 dan 16 fevral soat 06:00 gacha faoliyatini to‘xtatadi. Bu haqda «O‘ztransgaz» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarda aytilishicha, cheklov «birinchi navbatda tabiiy gaz yetkazib berilishi muhim hisoblangan aholi, shifoxona, maktab hamda maktabgacha ta’lim tashkiloti kabi ahamiyatga ega muassasalar, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik stansiyalarning tabiiy gaz ta’minotida barqarorligini ta’minlash» maqsadida joriy qilingan.

Cheklovlar Vazirlar Mahkamasining «Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari» hamda ulgurji va Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz yetkazib berish to‘g‘risida rasmiylashtirilgan ikki tomonlama shartnoma shartlaridan kelib chiqib, viloyat hokimliklari tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan joriy qilinganligi aytilgan.

«O‘ztransgaz» matbuot xizmati vaqtinchalik cheklov choralari havo harorati biroz ko‘tarilgunga qadar davom etishini hamda AGTKSH tez orada avvalgi tartibda ishlash rejimiga o‘tishini ma’lum qilgan.

O‘zgidromet kuni kecha hafta mobaynida O‘zbekistonda sovuq ob-havo bo‘lishi, bir necha kun davomida tungi sovuqlar saqlanib qolishi haqida xabar bergan edi.