Juma kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida «Xavfsiz va ravon yo‘l» tamoyili asosida yo‘l harakati xavfsizligini yangi bosqichga ko‘tarish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Aytilishicha, yig‘ilishda «tizimni tubdan o‘zgartirishga qaratilgan bir qator muhim vazifalar belgilab berilishi kutilmoqda».

Bu prezident raisligida aynan yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan birinchi yig‘ilish bo‘ladi. Bungacha davlat rahbari boshqa chiqishlarida yo‘l harakati xavfsizligining ayrim jihatlari haqida gapirgan.

Kuni kecha prezident Toshkentda avtomobil harakati tezligini 60 km/soatgacha pasaytirish va tramvayni qaytarish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

26 yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev kengaytirilgan videoselektor yig‘ilish davomida koronavirusga qaraganda yo‘llardagi avariyalar oqibatida odamlar ko‘proq vafot etayotgani haqida gapirgandi.

Bir kun avval Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «bugundan boshlab yo‘llarda YTH va o‘lim sonini kamaytirish uchun kurash boshlaganini» ma’lum qildi.

Avtotest maktabi asoschisi Toshkentda tashkil etilgan haydovchilik guvohnomasi uchun imtihon topshirishga mo‘ljallangan Yagona imtihon markazi o‘ziga tegishli ekanini tasdiqladi. U monopoliya va manfaatlar to‘qnashuvi haqidagi iddaolarni rad etib, qonun-qoidalarni davlat belgilab bergani, bozor qulay sharoit yarata oladigan tadbirkorlar uchun ochiq ekanini ta’kidladi.

«Men inson omili aralashmagan, tanish-bilishchilik aralashmagan, korrupsiya aralashmagan, sifatli va samarali imtihon markazi barpo eta olganim bilan faxrlanaman», — dedi Komil Allamjonov.

U endilikda ochiq aytila boshlagan kamchiliklarga qarshi kurashdagi faol ishtirokini «o‘zimning fuqarolik burchim», deb atadi.

«Yo‘llarimizdagi ahvolni ko‘rib, men, farzandlarim maktabga chiqib ketganidan to uyga qaytgunigacha xavotirda bo‘laman, Allohdan ularni asrashini so‘rab, duo qilaman. Bolalar eshikdan uyga kirib kelmagunicha hotirjam bo‘lolmayman», — dedi Komil Allamjonov bugun yo‘llardagi harakat xavfsizligi holatiga ta’rif berar ekan.

«Gazeta.uz» ko‘p yillardan buyon hukumat va jamoatchilik e’tiborini yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashga doir yondashuvlarni o‘zgartirish zarurligi masalasiga qaratib keladi. Bu mavzudagi materiallar «yo‘l harakati xavfsizligi» tegi ostida jamlangan.