Chor-Bakr majmuasi YUNESKO Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritish choralari ko‘rilmoqda.

5 fevral kuni bloger Aqida Hanum Buxorodan 5 km uzoqlikda joylashgan Chor-Bakr majmuasining yer uchastkasining bir qismi 6 ta tadbirkorga sotilganini xabar berdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, ularning har biri 1,8 sotixdan sotib olgan.

Buxoro tumani hududida joylashgan Chor-Bakr — Markaziy Osiyo hududida joylashgan eng katta qabriston hisoblanadi. Me’moriy yodgorliklarning asosiy binolari XVI-XX asrlarga to‘g‘ri keladi.

Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi 17 yanvarda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi natijasida Buxoro tumani Shergiron MFY hududida joylashgan davlat muhofazasiga olingan «Chor Bakr» (majmuasi) madaniy meros obyektining muhofaza tegralarida yer uchastkalari ijaraga va mulk huquqi asosida noqonuniy elektron onlayn-auksionga qo‘yilganini aniqladi.

Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan 7 yanvar kuni Kadastr agentligining Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasiga yo‘llangan murojaat xatiga ko‘ra, «Chor Bakr» majmuasi qo‘riqlanadigan tegrasidan 6 ta 0.018 gektarlik (jami 0.10,8 ga) bo‘sh turgan yer uchastkasini YerElectron avtomatlashtirilgan axborot tizimidan chiqarib tashlash choralarini ko‘rishni bildirgan.

Bunga javoban Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasi murojaat Kadastr agentligining Davlat kadastrlar palatasiga yuborilganini ma’lum qilgan.


Foto: advantour.com.

Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi 10 yanvar kuni Buxoro tumani xokimiga, YerElectron avtomatlashtirilgan axborot tizimiga qo‘yilgan 6 ta yer uchastkasini auksiondan chiqarishda hamda «Chor Bakr» majmuasining muhofaza tegralarida tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va o‘ziga xosligini saqlab qolish maqsadida uning muhofaza tegralarida barcha turdagi yangidan amalga oshiriladigan qurilish-ta’mirlash ishlarini belgilangan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda olib borilishi yuzasidan murojaat yo‘llagan.

Holatga huquqiy baho berish maqsadida hujjatlar huquq-tartibot organi idoralariga yuborilgan.

Agentlikning ma’lum qilishicha, Chor-Bakr majmuasini YUNESKOning Umumjahon merosi obyektlari ro‘yxatiga kiritish choralari ko‘rilmoqda. «Mutaxassislar ishtirokida ilg‘or va yuqori texnologik uskunalardan foydalangan xolda nomzodlik hujjatlari tayyorlanib, belgilangan tartibda YUNESKO Umumjahon merosi markaziga taqdim etilgan», — deyiladi xabarda.

Majmua to‘rtta buyuk avliyo — Hazrat Abu Bakr Sa’d Yamaniy, Hazrat Abu Bakr Homid, Hazrat Abu Bakr Muhammad ibn Fazl, Hazrat Abu Bakr Tarxon sharofatlaridan Chor-Bakr, ya’ni to‘rtta Bakr deb atalgan. Qabristonda Chor Bakr va Jo‘ybor xojalari naslidan shayxlar dafn etilgan. Chor-Bakr o‘ziga xos «o‘liklar shahri»da — ko‘chalar, hovlilar, darvozalar bor, uylar o‘rnida esa — oilaviy dahmalar va qabr toshlari mavjud. Qabriston markazida 3 ta asosiy bino — masjid, xonaqoh va madrasa joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, fevral boshida «Gazeta.uz» Parkent tumani hokimligi 2018 yilda «Tepa (Kultepa)» arxeologiya yodgorligiga tegishli 2 gektar yerni tadbirkorga xom g‘isht ishlab chiqarish uchun auksion orqali sotib yuborgani haqida yozgandik. 2020 yilda esa tadbirkor ushbu yerni boshqa bir jamiyatga sotib yuborgan. Xom g‘isht ishlab chiqarish uchun esa yodgorlik hududidan tuproq qazib olingan. Antikorrupsiya agentligi buning natijasida tadbirkor madaniy meros obyektiga 1,5 trln so‘mlik moddiy zarar yetkazganini aniqladi.