UZIMEI mobil qurilmalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi — O‘zbekistonni oldinga emas, balki orqaga tortayotgan kam sonli siyosatlardan biri. Buni 30 yanvar kuni Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi Vinayak Nagaraj o‘zining Twitter`dagi sahifasida yozib qoldirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizim yakuniga yetkazilmagan telekommunikatsiya islohotlari O‘zbekiston transformatsiyasini cheklayotganini yodga solib turibdi.

«Boshqa mamlakatlarning tajribasidan mobil telefonlarni qanday qilib samarali ro‘yxatga olish va „kulrang bozor“ muammosini hal qilish bo‘yicha ko‘plab darslar olish mumkin. Hozirgi UzIMEI tizmi fuqarolar, ayniqsa mamlakatda 30 kundan ortiq vaqt bo‘layotgan xorijliklar uchun og‘riqli muammo», — deb yozdi u.

Vinayak Nagaraj UzIMEI`ni «byurokratik va noqulay tizim» deb atadi. U yangi texnologiyalarni joriy etish va IOT (The Internet of things)ni keng qo‘llashga to‘sqinlik qilib turibdi. Xususan, IOT iqtisodiyotning yetakchi sohalarida, xususan, qishloq xo‘jaligida mahsuldorlikni oshirishga xizmat qiladi, deb hisoblaydi u.


Foto: Vinayak (Vinny) Nagaraj / Twitter.

«Yana davom etishim mumkin edi, biroq, bu bor yo‘g‘i mening har yillik umidsizligim ifodasi. Sizga ma’lumki, men O‘zbekistonning salohiyati va islohotlari borasida cheksiz optimistik qarashga egaman. Qisqa vaqt ichida juda ko‘p narsalar o‘zgardi. Kichkina chivin shuncha azob beryapti — mana nima uchun UzIMEI juda qattiq hafa qilayapti», — deya ta’kidladi iqtisodchi.

Shuni kuni avvalroq, Davletovuz blogi muallifi hozir qariyb barcha mobil operatorlar eSIM (smartfonning o‘ziga joylashtirilgan raqamli SIM-karta) xizmatini ko‘rsatayotganini yozgandi.

«Yaxshi xizmat, ammo UzIMEI degan balo bor. Telefondagi SIM-kartaning IMEI raqami UzIMEIda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, eSIM`ning IMEI kodini ham ro‘yxatdan o‘tkazish, buning uchun chet elga chiqqan bo‘lish va 54 ming so‘m to‘lash kerak. Eng absurd talab bo‘lsa kerak. Insof berishsin. Bu aslida o‘zi xato bo‘lgan tizimning kichkina bir xatosi», — degandi u.

Bloger va huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev ham IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazishda muammoga duch kelganini ma’lum qildi.

«Xorijdan olib kelingan telefonim IMEI raqamini xorijga chiqib kelgan bir hamkasbimning nomiga rasmiylashtirishga majbur bo‘ldim. U paytda hali O‘zbekistonda eSIM yo‘q edi, shu sababli faqat bitta slot uchun ro‘yxatdan o‘tdim. Keyin u hamkasbim uzoq bir viloyatga ishga o‘tib ketdi», — deya so‘zlab berdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, eSIM paydo bo‘lgach, o‘sha hamkasbining nomiga eSIM sloti IMEI raqami uchun to‘lov qilib, ro‘yxatdan o‘tkazishga qaror qilgan, biroq, buni onlayn amalga oshirishning imkoni mavjud bo‘lmagan.

«Nima emish, qo‘shimcha IMEI’ni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘sha odamning o‘zi shaxsan borishi kerak ekan. Agar eSIM bo‘lsa, unda albatta telefonni ham olib borishi kerak ekan. Mening vaziyatimda telefon Toshkentda, nomiga rasmiylashtirilgan odam esa uzoq viloyatda. Baraka topgurlar, xuddi shu telefonning asosiy IMEI raqami kimni nomiga rasmiylashtirilgani bazada ko‘rinib turibdiku, yana o‘sha odamni ovora qilishni nima keragi bor, onlayn o‘tsa bo‘lmaydimi, desam, „yo‘q, bo‘lmaydi, ofisimizga o‘zi telefonni ko‘tarib kelsin“ deyishdi. Tashqarida 21 asr, Karl!», — deb yozdi Xushnudbek Xudayberdiyev.

Huquqshunos ushbu tizimni fuqarolarga solinayotgan ikki karra «telefon» solig‘i deb atadi.

«Davlat tashkilotlari o‘zi qilishga majbur bo‘lgan vazifalarni lozim darajada eplolmayotgani uchun (masalan, chegaradan noqonuniy telefon o‘tkazmaslik, soliqdan qochishni oldini olish, o‘g‘rilangan telefonlarni topish) xalqning o‘zidan yana soliq olishadi», — dedi u.

Bloger shuningdek, mazkur tizim tufayli fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, pasport nusxalarini o‘g‘irlash, odamlardan so‘ramay ularning nomiga telefon raqamlarni rasmiylashtirish butun boshli jinoiy insdustriyaga aylangani esa achinarli holat ekanligini qayd etdi.

Bloger va adliya vazirining til bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova esa UZIMEI [operatori]ning «beti qattiq» deb atadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shu tizimni deb qancha muammolar — odamlarga noqulayliklar guldastasi, shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlab sotilishi va boshqalar yuzaga keldi.

«Xo‘sh, shuning evaziga tizim keltirgan samara, foyda haqida nima bilamiz? Faloncha telefon noqonuniy savdo qilinmadi, degan ma’lumotlarni pesh qilmanglar. U vazifani bajarishingiz uchun budjetdan oylik olasizlar, resurslar ajratiladi. IMEI kodlar ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pul to‘lagan iste’molchi buning evaziga nima olyapti? Bevosita shu to‘lagan puli uchun nima xizmat ko‘rsatilyapti qo‘shimcha?», — deya savol bilan yuzlangan bloger.

Uning fikricha, tizim budjeti esa yopiq, necha pul tushyapti, qayerga ketyapti — bilib bo‘lmaydi. «Yana indamay turinglar, bir-ikki kunda o‘tib ketadi bu mavzu deb boshni qumga tiqib olinglar. Lekin qachongacha va qayergacha borar ekinmiz bu bilan», — deb yozdi u.

U keyingi postida esa UZIMEI`ning javobini tanqid qilgan.

«Qo‘yilgan bironta savolga javob yo‘q, keltirilgan aniq faktlar quruq gap bilan rad etilgan, „hamma ahmoq, biz aqlli“, hammasi joyida, muammo yo‘q, tinch uxlang deyishibdi. Shuncha pulni nima qilyapsizlar? Betga yana bir qavat charm qoplashga sarflayapsizlarmi?», — deya yana bir bor savol bilan yuzlangan Shahnoza Soatova.

UZIMEI munosabati

UZIMEI operatori tanqidlarga javoban O‘zbekiston hududiga rasmiy olib kelingan mobil qurilmalardan foydalanishda hech qanday muammo mavjud emasligini, chunki bunday mobil qurilmalar respublika davlat chegarasini kesib o‘tganda bojxona ko‘rigidan hamda IMEI kodlari ro‘yxatdan o‘tkazilishini ma’lum qildi.

«Iste’molchiga hox SIM slot yoki eSIM slot ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi», — deyiladi xabarda.

Tizim ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda respublikaga rasmiy ravishda 3 mlndan ortiq mobil qurilmalar olib kirilgan, bu degani shuncha iste’molchi xarid qilgan qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazmaydi.

«Biroq norasmiy (kontrabanda) olib kirilgan qurilmalar iste’molchilarga dard-u sard bo‘lad», — deya qayd etdi operator.

Respublika bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan UZIMEI tizim ro‘yxatga oluvchilariga ya’ni chet eldan o‘zi bilan olib kelgan qurilmalarni SIM slot yoki eSIM slot IMEI kodlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha UZIMEI veb-sayti, SMS va USSD xizmatlari orqali yoki ariza bilan murojaat qilish mumkin. Lekin mobil qurilma noqonuniy yo‘l bilan olib kelingan bo‘lsa, ularning SIM slot yoki eSIM slot IMEI kodlari ro‘yxatga olinmaydi.

Tizim operatori fuqarolarga xarid qilishdan oldin mobil qurilmaning IMEI kodlarini UZIMEI veb sayti, SMS va USSD xizmatlari orqali tekshirib ko‘rishni tavsiya qildi.

«Agarda „Ushbu IMEI 353**220 jismoniy shaxsning pasport ma’lumotlari yordamida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Pasport egasining arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazish bekor qilinishi mumkin. Qurilmangizning jami 2 IMEI kodlarini tekshirishni unutmang“, xabari olinsa, unda qurilmani xarid qilish tavsiya etilmaydi», — deyiladi xabarda.

Mobil qurilma O‘zbekiston hududida xarid kilingan bo‘lsa, unda IMEI kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sotuvchi javobgar bo‘ladi.

Mobil qurilma jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan va bir slotiga tegishli IMEI kodi ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ushbu qurilmaning ikkinchi SIM sloti yoki eSIM sloti IMEI kodini ro‘yxatdan o‘tkazish mobil qurilma egasining tizim operatori yoki tizim ro‘yxatga oluvchisiga shaxsan murojaat qilgan holda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatni taqdim qilishi asosida amalga oshirilishi belgilangan.

«SIM slot yoki eSIM slotini ruyxatdan o‘tkazishda ham muammo mavjud emas, bugungi kunga qadar 2 mlntadan ziyod ikkinchi SIM slot yoki eSIM slot muammosiz ro‘yxatga olingan. Mobil qurilmalarning eSIM IMEI kodlarini „O‘zbekiston pochtasi“ AJ, „Uzmobile“ filiali va „COSCOM“ MCHJ mobil aloqa kompaniyalariga murojaat etgan holda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin», — deyiladi xabarda.

«O‘zbekistonda bo‘lib turgan chet el fuqarolari rouming xizmatidan foydalanishlari mumkin, agarda mahalliy mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foylanilsa tizim ruyxatga oluvchisiga murojaat qilgan holda ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin», — deyiladi kompaniya xabarida.

IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish punktlarida o‘ziga tegishli bo‘lgan telefondan foydalanish uchun yana to‘lov qilish kerakligidan norozi bo‘lgan chet elliklarni ko‘rish mumkin. «Gazeta.uz» muxbirlar xorijliklar shu kabi noqulayliklar sabab O‘zbekistonga boshqa hech qachon kelmasliklarini ta’kidlaganiga guvoh bo‘lishgan.

Shuningdek, UZIMEI operatori mazkur tartib dunyoning bir qancha davlatlarida jumladan, Hindiston davlatida 2009 yildan joriy etilganini, biroq bugungi kungacha klonlangan (bir xil IMEI-kodli) mobil qurilmalarni erkin savdoga chiqarilishiga chek qo‘yilmaganini qayd etdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida IOT qurilmalarini ruyxatdan o‘tkazish talab etilmaydi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabrida AKT vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida yaqin kelajakda amalga oshirilayotgan loyihalar qatorida mobil telefon raqamlarini ko‘chirish tizimi loyihasi ko‘rib chiqilgandi. Shundan kelib chiqib, IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini iste’molchilar uchun yanada osonlashtirish yo‘llarini topish kerakligi aytilgandi. «Buning uchun barcha choralarni ko‘rish zarur», — degandi vazir.