Afg‘oniston muvaqqat hukumati transafg‘on temir yo‘lining yo‘nalishini tasdiqladi. Bu haqda hukumatning rasmiy vakili Inamulla Samangoniyga tayanib Spot xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Mozori Sharifdan yo‘nalish Bag‘lon va Bomiyon orqali o‘tadi. Boshqa tafsilotlar keltirilmagan.

«Mozori Sharif-Bag‘lon-Bomiyon yo‘nalishi O‘zbekistondan Afg‘oniston orqali Pokistonga olib boriladigan temir yo‘l loyihasi uchun tasdiqlangan», — deb yozadi Samangoniy.

Bundan oldin Toshkentni Pokiston shimoli bilan bog‘laydigan uzunligi 573 km bo‘lgan «Mozori-Sharif-Kobul-Peshavar» temir yo‘li qurilishi ma’lum qilingandi. Loyiha uchun umumiy 4,8 mlrd dollar kredit jalb qilinishi xabar berilgandi. Ma’lum qilinishicha, loyihaga Rossiya temir yo‘llari qiziqish bildirgan. Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tranzit yiliga 20 million tonnagacha yukni tashkil etadi.

Transafg‘on temir yo‘lini qurish tashabbusi 2018 yilda ilgari surilgan edi. Qurilish ishlarini 2021 yil sentabrida boshlash rejalashtirilgan edi, biroq Afg‘onistonda hokimiyat almashinuvi bunga yo‘l qo‘ymadi.

Joriy yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida loyihaga Afg‘oniston muvaqqat hukumati qo‘shildi.

Janubga yo‘l

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuklarni yetkazib berishning janubiy yo‘nalishi ishlab chiqilmoqda — portlarga yetib borish tezroq va arzonroq. 2021 yilning noyabrida O‘zbekiston Pokiston orqali birinchi tranzit yukini jo‘natdi. O‘z navbatida, Pokiston ham O‘zbekiston yuklari uchun tranzitni soddalashtirgan.

Biroq Afg‘onistondagi vaziyat masalani murakkablashtirmoqda. O‘zbekistonlik yetkazib beruvchilarning ta’kidlashicha, avval poraxo‘rlik ,"Tolibon" kelganidan keyin esa inspektorlarning kasbiy mahorati yo‘qligi Afg‘oniston bojxonasidan o‘tishni qiyinlashtirgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev transafg‘on temir yo‘lining qurilishi O‘zbekiston uchun qo‘shimcha bozorlar paydo bo‘lishi, ishlab chiqarayotgan mahsulotlar tannarxining 60−70 foizga kamayishiga imkon yaratishini ma’lum qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati bilan «Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li qurilishi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirayotganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «„Tolibon“ rahbariyati ham bu loyiha amalga oshishiga astoydil roziligini bildiryapti».