21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida sudlanuvchi Miraziz Bozorovga (1991 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi raisi Sardorbek Sodiqov raisligida ko‘rib chiqildi.

«E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra M. Bazarov Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi „g“ bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi», — deyiladi xabarda.

Bozorovning advokati Sergey Mayorovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, uning himoyasi ostidagi shaxs «internetdan foydalanish va psixolog mutaxassisligi bo‘yicha ishlash taqiqlovi bilan uy yilga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan». U kechki soat 20:00 dan ertalabgacha uyda bo‘lishi shart.

Mazkur hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran 20 sutka ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchilar tomonidan esa ularga hukmning nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida shu sud orqali Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya tartibida shikoyat berishlari yoki prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.

Avvalroq, «Gazeta.uz» jabrlanuvchilar tariqasida Abror Muxtoraliyevich Abduazimov (Abror Muxtor Aliy, O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimi), bloger Shuhrat Musayev, Jahongir Salimov (AbuSolih Fox) va Dmitriy Abdukarimovich Rasulov ko‘rsatilgani haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz, jurnalistlar avvalroq PZR-test ma’lumotnomasi talab etilishi haqida xabar berilmaganligi uchun sud binosiga kira olmadi. Bundan tashqari, sud majlisi ochiq deb e’lon qilinishiga qaramasdan, sud jarayonini suratga olish va OAVda yoritish taqiqlandi.

Miraziz Bozorov ishi

Miraziz Bozorov 28 mart kuni o‘z uyi oldida kaltaklangan. Unda bir necha jarohat va sinishlar qayd etilgan. Shu kuni u anime va K-pop muxlislarini poytaxt markaziga yig‘ilishga chaqirgan. Shu vaqtning o‘zida u yerda LGBT ga qarshi aksiya bo‘lib o‘tgan. Toshkent markazida LGBT faollariga qarshi namoyish bo‘lib o‘tgan. O‘nlab erkaklar Forumlar saroyi qarshisida yo‘lning harakat qismida yurib, «Allohu akbar!» deb takbir aytgan. IIBB 12 kishining qo‘lga olingani va Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismining «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bezorilik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan.

IIV bayonotiga ko‘ra, Bozorov Miraziz ismli fuqaro o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahridagi «Hazrati Imom» masjidi oldida va Amir Temur xiyobonida noan’anaviy jinsiy qarashlarga ega shaxslar tomonidan ommaviy namoyishlar o‘tkazish bo‘yicha chaqiriq bilan chiqqan. «Ta’kidlash kerakki, Bozorov bundan avval ham bir necha bor jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, millatimizga xos bo‘lmagan xurmacha qiliqlari aks etgan video lavhalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, o‘zining buzuq xulq-atvorini ommaga namoyish qilib kelgan», — deyilgandi xabarda.

Keyinroq poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent markazida ikki fuqaro kaltaklanganini tasdiqlovchi videoni e’lon qildi. Bir guruh erkaklar ko‘chadan o‘tayotganlarni LGBT tarafdorlari deb qabul qilishgan.

Bloger shifoxadan chiqqach, unga 29 aprel kuni tahminan soat 23:15larda Mirobod tuman sudi tomonidan uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan edi. Uning advokati Sergey Mayorov esa sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyatini kiritgan, biroq u qanoatlantirilmagan.

Juma kuni Toshkent shahar IIBB Miraziz Bozorovga tan jarohati yetkazishga aloqador bo‘lgan gumon qilinuvchining (jabrlanuvchining so‘zidan tuzilgan) fotorobotini e’lon qildi va uning asosida mazkur shaxsni aniqlashda fuqarolardan ko‘mak so‘radi.