Yakshanba kuni Toshkent viloyatida joylashgan Amirsoy tog‘-chang‘i kurortiga olib chiquvchi Amirsoy Express yangi dor yo‘li ishga tushirildi. Ochilish marosimida bosh vazir o‘rinbosari — turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham qatnashdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Amirsoy Express tashrif buyuruvchilarni avtomobil yo‘lidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kurort hududiga yetkazib qo‘yadi, bu esa uzoq masofali tog‘ yo‘lini chetlab o‘tib, haydovchilar uchun 5 kmga qisqartiradi", — deyiladi Turizm va sport vazirligi xabarida. Avtomobillarni esa bepul avtoturargohda qoldirish mumkin.


Dor yo‘li avvalgisi kabi Avstriya-Shveysariya kompaniyasi (Doppelmayr/Garaventa) tomonidan bunyod etilgan bo‘lib, 10 kishilik sig‘imga ega 74 ta gondoladan iborat (avvalroq ochilgan gondolalar 8 kishiga mo‘ljallangandi).

Yo‘lning umumiy uzunligi — 2913 metr bo‘lib, soatiga — 2400 kishini tashish quvvatiga ega. Aziz Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, dor yo‘li sutkasiga 20 ming va yiliga 6 mln sayyohlarga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Sayohat vaqti 9 daqiqani tashkil etishi (ochilish kuni gondola taxminan 12 daqiqada kurortga olib chiqqani) qayd etildi. Pastki stansiyaning dengiz sathidan balandligi — 1380 metr va yuqoridagi stansiya balandligi — 1676 metrni tashkil etadi.


«Dam olish maskanlarimizda bunday xizmatlarning joriy etilishi O‘zbekistonda turizm mavsumiyligi tushunchasining yo‘qolishiga olib keladi, ya’ni turistlar mavsumdan qat’iy nazar mamlakatimizga sayohat qilishi mumkin bo‘ladi», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, obyekt 7 yarim oyda, 1 maydan boshlab qurib bitkazilgan. Xorijiy investor mazkur loyihaga jami 15,2 mln yevro mablag‘ kiritdi.

Aziz Abduhakimov (markazda).

Amirsoy Express chiptalari narxi ish kunlarida kattalarning (14−55 yosh) ikki tomonlama sayohati uchun 60 ming (dam olish va bayram kunlari — 70 ming) so‘mni, bir tomonga esa — 40 ming (50 ming) so‘mni tashkil qiladi.

Ikkinchi dor yo‘li orqali 2290 metrga chiqish narxi 70 ming (80 ming) so‘mga teng. Har ikki dor yo‘lida harakatlanish uchun dor yo‘li 120 ming (140 ming) so‘m turadi. 4−14 yoshli bolalar va 56 yoshdan kattalar uchun 50 foizlik chegirmalar mavjud.


Shu kuni dam olish maskanining eng yuqori nuqtasida «2290» restoran majmuasi ochildi. Uning nomi u joylashgan balandlikni aks ettiradi.

Yaqin kunlarda bu yerda Norway Park`dan turli xil murakkablikdagi 4 ta trassa — bolalar, oilaviy, sport, murakkabarqonni o‘z ichiga olgan shaharchasi ishga tushiriladi. Qolaversa, 70×41 metrda joylashgan Amirsoy muz maydonchasi ish boshlaydi.


Amirsoy tog‘-chang‘i kurortidagi qutqaruvchilar guruhi.

Video