Afg‘oniston muvaqqat hukumatining Ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi haydovchilarga avtomobillarida musiqa qo‘yish va hijobsiz ayollarni mashinaga chiqarishni taqiqladi, deb xabar berdi Kabul News Twitter-sahifasida. Kabul News`ning yana bir tvitida mamlakat TIV vakili telekanalga mashinalarda musiqa qo‘yish va hijobsiz ayollarni tashish taqiqlagani ma’lum qilindi.

Kabul News, shuningdek, haydovchilarga nisbatan uzoq masofalarga ayollarni mahramisiz — turmush o‘rtog‘i yoki oila qurishi mumkin bo‘lmagan yaqin qarindoshlarisiz olib yurish ham taqiqlanganini ma’lum qildi.

Avvalroq TOLO News telekanali Afg‘oniston hukumati Kobuldagi do‘konlar va biznes markazlaridagi reklama bannerlaridan ayollar suratlarini olib tashlashni buyurgani haqida xabar bergan edi. Poytaxt hokimiyati vakili «islom qoidalariga zid» barcha suratlarni olib tashlash zarurligini aytdi. Bu qaror go‘zallik salonlari egalarining noroziligiga sabab bo‘ldi, chunki bu ularning biznesiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Avval xabar qilinganidek, maktabga bora olmaydigan 4,2 million afg‘on bolasining 60 foizi qizlardir. Ko‘pgina viloyatlarda bu qizlarning ta’lim olishining asosiy sharti bo‘lgan ayol o‘qituvchilarning yetishmasligi bilan bog‘liq. O‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlarini hisobga olmaganda, odatda ayollarning ishlashiga ruxsat berilmaydi. Erkak hamrohligisiz uydan chiqish taqiqlanadi — ba’zi joylarda ushbu qoidani buzganliklari uchun ular qattiq jazoga duch kelishadi.

Dekabr oyi boshida «Tolibon» ayollar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha farmon chiqargan edi. Unda aytilishicha, nikoh uchun ayolning roziligi kerak va hech kim uni «majburlash yoki bosim bilan» turmushga bera olmaydi. Farmonda ko‘pxotinlilik holatlari ham tartibga solingan: erlar «barcha ayollarga shariat qonunlariga muvofiq huquqlar berishga» majbur.

BMT ushbu qadamni «muhim signal» deb atadi, biroq tashkilotga ko‘ra, ko‘plab savollar haligacha javobsiz qolmoqda. Masalan, hujjat nikoh qurishning eng kichik yoshini belgilamagan va qizlarning ta’lim olish, mehnat qilish, erkin harakatlanish va jamoat hayotida ishtirok etish huquqlarini ta’minlamagan.