O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova benefitsiari bo‘lgan Takilant Ltd. kompaniyasi hozirda jinoiy tergov ostida bo‘lgan beshta Shveysariya bank hisob raqamidan ikkitasiga bog‘liqligi aniqlandi. Kompaniyadan musodara qilingan jami mablag‘ — 350 mln dollardan ko‘proqni tashkil etdi.

Swissinfo axborot agentligi Gulnora Karimovaning advokati Gregori Manjaga tayanib xabar berishicha, Shveysariyaning federal jinoyat sudi kompaniyaga tegishli 293 mln dollardan ko‘proq mablag‘ini musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

Ta’kidlanishicha, sud ishda qatnashgan bir necha kishi, shu jumladan Gulnora Karimova va uning yordamchisi pul «yuvishda» aybdor topilgani uchun ushbu mablag‘larning katta qismini musodara qilish kerak degan qarorga kelgan.

Biroq, taxminan 70 mln dollar miqdoridagi mablag‘ Takilant kompaniyasiga qaytarib beriladi. Buning sababi, tegrov jarayonida bir nechta kompaniyalar bilan bog‘liq bo‘lgan ushbu aktivlar jinoyat natijasida olinganligi aniqlanmagan. Bu haqda 2021 yilning 22 dekabr kuni Federal jinoyat sudi e’lon qilgan bayonotda qayd etilgan.

Sud qarori Shveysariya Federal prokuraturasi tomonidan 2012 yilda Gulnora Karimovaning shaxsiy yordamchisi va Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasining o‘zbek filiali menejeriga qarshi pul «yuvish» ayblovlari bilan bog‘liq keng qamrovli tergov doirasida yana bir bobni yopdi.

Adliya vazirligi munosabati

Adliya vazirligi mazkur xayuar yuzasidan o‘zining bayonotini e’lon qildi.

Unda ta’kidlanishicha, 293 mln dollar mablag‘ning musodara qilingani «Shveysariya huquq-tartibot idoralari uchun muhim g‘alaba hisoblanadi». «Chunki u mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish bo‘yicha keyingi muzokaralar uchun ikoniyat ochadi», — deyiladi xabarda.

«Shu bilan birga, sud qaroriga ko‘ra 70 mln dollar miqdoridagi mablag‘lar protsessual xarajatlar chiqarib tashlanganidan so‘ng „Takilant Ltd.“ Kompaniyasiga qaytarilishi mumkin. Ayrim OAV sud qarorining ushbu qismini noto‘g‘ri talqin qilgan holda asossiz ma’lumotlar tarqatishmoqda», — deyiladi munosabatda.

Qolaversa, Shveysariya federal jinoyat sudining 2021 yil 17 dekabrdagi qarori hali yakuniy qaror emas, Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari sudning ushbu qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga egaligi aytilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu mablag‘larga nisbatan Amerika Qo‘shma Shtatlarning vakolatli organlari tomonidan ularni hibsga olish to‘g‘risida da’vo va order ham mavjud, bu esa Shveysariya sudining ko‘rsatilgan qarori kuchga kirgan taqdirda ham ushbu mablag‘larni kompaniyaga qaytarish imkonini bermaydi.

«Ayni paytda O‘zbekistonning davlat organlari Shveysariya va AQSh rasmiylari bilan G. Karimova va uning sheriklarining jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan aktivlarini qaytarish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Chunki ushbu jinoyatlardan O‘zbekiston davlati va xalqi ham jabr ko‘rgan», — deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Takilant Ltd. kompaniyasiga tegishli 350 mln dollar muzlatilgan edi. 2020 yilga kelib, Shveysariyaning federal apellyatsiya sudi Gulnora Karimovaning kompaniyasi qonuniy benefitsiari ekani to‘g‘risidagi da’vosini ko‘rib chiqishi ma’lum qilindi. O‘shandan boshlab Karimovaning vakillari ushbu muzlatilgan aktivlarni qaytarib olishga harakat qilayotgandi. «Bu Gulnora Karimova uchun muhim g‘alaba», — degandi uning advokati Gregori Manja.

2019 yil 18 martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019 yil mart oyida AQSh Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni «yuvgan» likda ayblagandi. 24 iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgandi.

2020 yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. sentabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ijtimoiy tarmoqlarda Karimovaning sog‘ligi og‘irlashganiga oid tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘langan edi. «Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q», — deyilgandi xabarda.