Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan Farg‘ona yo‘li avtomobil trassasi shahar va shahar atrofi transportlari kesishadigan, strategik ahamiyatga ega yo‘l hisoblanadi. Biroq, yaqin yillargacha bu yo‘lning holati juda ayanchli ahvolda edi. Yo‘llar ta’mirtalabligi tufayli avtomobil haydovchilariga ham, piyodalarga ham noqulaylik tug‘dirayotgan edi.

2020 yilning yanvar oylarida Toshkentdagi Farg‘ona yo‘li, shu bilan birga Ahmad Donish va Yangi Sirg‘ali ko‘chalarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgandi. Loyiha 2020 yilning oxiriga qadar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi.

O‘shanda Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, poytaxt Bosh uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov Farg‘ona yo‘li ko‘chasi Kichik halqa yo‘lidan Toshkent avtomobil halqa yo‘ligacha rekonstruksiya qilinishini, shuningdek, Bektemir yo‘li ko‘chasining TAHYdan Husayn Boyqaro ko‘chasigacha bo‘lgan qismi ham yangilanishini aytgandi.

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Mazkur rekonstruksiya ishlarini «Allegro Develop Project» loyihalashtirgan. Pudratchi esa «Grand Road Tashkent«.

Hozirda yo‘l ta’mirlangan. Piyodalar yo‘lakchasi bor. Yo‘l belgilari kerakli joylarga o‘rnatilgan. Biroq, ish yakuniga yetmagan, yoki kamchililarga yo‘l qo‘yilgan. «Gazeta.uz» ana shu kamchiliklarni o‘rganib, reportaj tayyorladi.

Velosipedchilar yo‘lining yakuni

Ta’mirlanayotgan qismining umumiy uzunligi 6,7 km bo‘lgan Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi yo‘l chetida piyodalar hamda velosipedchilar uchun yo‘lakchalar ajratilgan.

Mazkur yo‘lakchalarning yakuni yer sathidan baland bo‘lgan bordyur bilan tugaganini ko‘rish mumkin. Biroq, Turizm va sport vazirligi Ommaviy sport ishlari bo‘limining «Gazeta.uz»ga izoh berishicha, qoidalarga ko‘ra, velosipedchi o‘z yo‘lini yana davom ettirishi uchun piyodalar hamda velosiped yo‘lagi yakunida qiyalik bo‘lishi lozim.

«Grand Road Tashkent» kompaniyasining qurilish ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ilyos Gafurovdan mazkur holatga izoh so‘ralganda, u hali qurilish ishlari yakuniga yetmaganini, trotuar hamda o‘tish yo‘lagi o‘rtasiga yana bir qatlam asfalt yotqizilishini ma’lum qildi. Vaholanki, loyihada ham piyodalar yo‘li va velosipedchilar yo‘lakchasining tugashi tutashmalar bilan bir sathda qurilishi ko‘zda tutilgan.

«Agar yana bir qatlam asfalt yotqizilsa, oradagi farq kamayadi. Hozir qish mavsumi, kunlar sovuq ekanini hisobga olgan holda, bu ishlar kunlar issiq paytida bajarilishi kerak. Shu sababli, havo harorati +8 C dan baland bo‘lsa, biz asfalt yotqizishni davom ettiraveramiz», — deya fikr bildirdi Ilyos Gafurov. Uning ta’kidlashicha, bu ishlar yanvar oyida yakun topadi.

Piyodalar yo‘lakchasini egallagan mashinalar


Piyodalar yo‘lidan piyodalardan tashqari mashinalar ham o‘rin olgan. Uning atrofidagi ish faoliyati yo‘lakka ham bevosita ta’sir qilmoqda.

«Allegro Develop Project» kompaniyasining ushbu holat bo‘yicha bergan izohiga ko‘ra, loyihada piyodalar yo‘li va velosipedchilar yo‘lakchasida transport vositalari (yengil va yuk mashinalari) turishi yoki harakatlanishi ko‘zda tutilmagan. Kompaniya vakillari rasmdagi avotomobillar tomonidan yo‘l qoidasi buzilganini qayd etishdi.


«Grand Road Tashkent» direktor o‘rinbosari esa bunda mahalliy fuqarolarning hududga nisbatan ijobiy munosabatda bo‘lmayotganini, mashina egalari ustunlarni sindirib tashlaganini ta’kidladi. Ayrim ustunlarning yo‘l chekkasida yotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, u hududdan ta’mirlash vaqtida olib kelingan gullarning o‘g‘irlab ketilishi, sug‘orish sistemasidagi buyumlarning ham o‘g‘irlab ketilishi kabi holatlar kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Yangi yo‘lning ayrim qismlari yana ta’mirtalab bo‘lib qolayotganiga sabab nima?

Pudratchi komaniya vakili Ilyos Gafurov hudud atrofida bo‘layotgan boshqa qurilishlar ham ayrim nosozliklarga sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, atrofdagi qurilish obyektlari yer ostiga yotqizilgan elektr uzatish tarmog‘iga ulanayotgan vaqtda yo‘laklarning ma’lum qismi kavlangan va ochilgan. Ish bajarilgach, ular qayta yopilgan, biroq, ish avvalgidek bajarilmagan. Qoniqarsiz yamalgan.


Avtomobil yo‘llarini ajratib turuvchi hududlar rekonstruksiya qilingan, biroq ularda yana nosozlik yuzaga kela boshlagan. Bundan tashqari, piyodalar yo‘lakchasida ham aynan shunday holatlarni uchratish mumkin.

«Gazeta.uz» «Grand Road Tashkent» vakillari bilan bog‘langanda, loyiha hali oxirigacha bitmaganini, uni yakunlab topshirish jarayoniga qadar yo‘l yana qaytadan ko‘zdan kechirilishini ma’lum qilishdi.

Bundan tashqari, mazkur hududdagi yo‘lni ta’mirlash uchun loyihaga ko‘ra, yerning tuproq qatlami 70 smgacha olib tashlanishi, o‘rniga shag‘al yotqizilishi kerakligi aytilgan. Biroq, ayrim hududlarning tuprog‘i o‘ta balchiqlangan bo‘lgani sababli, uni hatto 1,5−2 metrgacha kavlashga vashag‘al bilan almashtirishga to‘g‘ri kelgani ma’lum qilingan.

Yo‘l belgisiga qarab yurish xavfli emasmi?

Yo‘l belgilari qurilish tartibiga qarab o‘rnatiladi va unga amal qilish kerakligini ifodalaydi. Farg‘ona yo‘li ko‘chasida ham trotuarda piyodalar yo‘li va velosipedchilar yo‘lakchasi bitta belgida alohida qilib ko‘rsatilgan. Buyuruvchi belgilar qatorida 4.6.3 «Ajratilgan piyoda va velosiped harakatlanish yo‘li» belgisi yo‘lning chap tomonida velosipedchilar, o‘ng tomonida esa piyodalar yurishiga buyuradi. 4.6.5 «Ajratilgan piyoda va velosiped harakatlanish yo‘li» belgisi esa yo‘lning chap tomonida piyodalar, o‘ng tomonida esa velosipedchilar yurishi kerakligini bildiradi.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagi piyodalar yo‘lining yarmiga aynan 4.6.3 belgilari o‘rnatilgan. Biroq, unga qarama-qarshi yo‘lga ham aynan shu belgi qo‘yib chiqilgan. Aslida esa, qoidaga ko‘ra, bu yerda 4.6.5 «Ajratilgan piyoda va velosiped harakatlanish yo‘li» belgisi bo‘lishi kerak. Agar o‘rnatilgan belgilarga qarab harakat qilinsa, piyodalar yo‘lakchasidan yurib kelayotgan shaxs zebra chizig‘idan o‘tib yo‘lini velosipedchilar yo‘lakchasida davom ettirishiga to‘g‘ri keladi.


«Allegro Group Project» loyiha tashkiloti mas’uli Shohruh Jurayev loyihaga ko‘ra aynan 160 ta 4.6.5. belgisi o‘rnatilganini, yo‘lning yarmiga kerak bo‘ladigan 4.6.3. belgisi esa rejaga kiritilmaganini tasdiqladi.

«Gazeta.uz» surishtiruvidan so‘ng, pudratchi kompaniya vakillari ushbu belgilar qoidaga ko‘ra o‘zgartirilishini ma’lum qilishdi.

Velosipedchi, ehtiyot bo‘ling, oldinda bekat!

Yaqinda ta’mirdan chiqqan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida biror velosipedchi o‘z yo‘lida velosiped haydab ketayotgan bo‘lsa, yo‘lining yarmida tasodifan avtobus bekatiga duch kelib, uni aylanib o‘tishi yoki unga urilib ketishi ham hech gap emas. Chunki ushbu ko‘chada o‘rnatilgan avtobus bekatlaridan biri aynan piyodalar va velosiped yo‘lakchasi ustiga qurib ketilgan. Hozircha undan mahalliy aholi foydalanmayapti.


Holat bo‘yicha mutaxassislardan izoh so‘ralganda, qurilish loyihachilari: «Loyihada bekatlar o‘rni aniq belgilangan va butun Farg‘ona yo‘li bo‘yicha 24 dona bekatlar qurilishi ko‘zda tutilgan. Rasmdagi bekat joylashishi loyihada yo‘q», deya javob berishdi. Ularning taxmin qilishicha, bu bekat vaqtinchalik qo‘yib turilgan bo‘lishi mumkin.

Pudratchi kompaniyaning qurilish ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari bekatlar ham auksionga qo‘yilishini, uni yutib olgan tadbirkor kelib o‘rnatishini ta’kidlab, aynan bu bekat qachon va kim tomonidan qurilganini bilmasligini ma’lum qildi.

Yerusti piyodalar o‘tish ko‘prigi haqida

Farg‘ona yo‘li ko‘chasida rekonstruksiya ishlaridan so‘ng, aylanib olish joylari yana bittaga ko‘paygan (8 taedi). Chorrahalar soni 8 ta. Pudratchining ma’lum qilishicha, hududga yana bitta svetofor o‘rnatiladi. U bolalar qatnovi ko‘p bo‘lganligi tufayli 17-sonli bolalar musiqa vasan’at maktabi yoniga joylashtiriladi.

Toshkentning ko‘plab joylarida yerusti piyodalar o‘tish yo‘laklari o‘z noqulayligini isbotlagan bo‘lsa xam, yangilangan Farg‘ona yo‘li ko‘chasida yerusti o‘tish yo‘laklarini qurishga qaror qilingan. Hozirda ko‘chada 2 ta yerusti yo‘lagi bor. Ular hali to‘laligicha foydalanishga topshirilmagan. Bitta yo‘lakning yuqori qismida ayrim yo‘nalishlar to‘sib qo‘yilgan.

Foto: Google map


«Allegro Develop Project» kompaniyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yerusti yo‘lak qurilishi ishlari yo‘l rekonstruksiyasi loyihasiga qo‘shilmagan. Ularning soni loyihachilar tomonidan belgilanmagan. Buyurtmachi tomonidan loyihaga va qurilishga buyurtma berilgan. «Gazeta.uz» manbasiga ko‘ra, yerusti yo‘laklar qurilishi Vazirlar mahkamasining boshqa tegishli qarori asosida amalga oshirilgan. Yo‘laklarning manzili hokimiyat tomonidan belgilangan.

Piyodalar o‘tish yo‘laklari bolalar kolyaskalari va nogironlar aravachasidan foydalanuvchilar chiqishi uchun uzun pandus bilan jihozlangan. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan rasmlarda kurinib turganidek, yerusti yo‘laklaridan yurish kerak bo‘lgan masofa yerusti «zebra"larga qaraganda ancha uzun. Bundan tashqari, zina va panduslardan foydalanish ylni yanada uzaytiradi.

«Bundan ham qulay variant lift o‘rnatilishi edi, lekin, Toshkent shahridagi yerusti va yer osti piyodalar yo‘lagida bironta lift ishlamagani (har xil sabablarga ko‘ra) uchun pandus varianti ma’qul topilgan», — dedi loyiha tashkiloti mas’uli Shohruh Jurayev.

2020 yilning yanvar oyidan rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilgan Farg‘ona yo‘lining 6,7 kilometrlik qismi bosqichma-bosqich yopilib, so‘ng ta’mirdan chiqdi. Biroq, qurilish ishlari hali to‘liq yakuniga yetmadi. «Grand Road Tashkent» loyihalash bo‘yicha direktor o‘rinbosari UzReport TV`ga bergan intervyusida yo‘l 2020 yilning oxirigacha bitishini aytgan edi.

Hozir esa «Grand Road Tashkent» vakili «Gazeta.uz»ga muddat 2022 yilning yanvar oyigacha cho‘zilishi mumkinligini, uzunligi jihatidan yetakchilik qiladigan bu yo‘lni butunlay bitkazish oson emasligi, tashkilot hozir bunga bor kuchini sarflayotganini ta’kidlamoqda. Shahar hokimligi vakillari esa dedlayn bilan bog‘liq yo‘llangan savollarga shartnomada qurilish 2021 yil 31 dekabrgacha tugatilishi ko‘rsatilganini, bu muddat hali tugamaganligini ma’lum qilishdi.

Video

Mushtariy Oqboyeva tayyorladi.