Bu yil Toshkentdagi Farg‘ona yo‘li, Ahmad Donish va Yangi Sirg‘ali ko‘chalarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent hokimi o‘rinbosari, poytaxt Bosh uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Rahmonqulov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Ushbu ko‘chalarning rekonstruksiya qilinadigan qismlarining umumiy uzunligi 17,68 kilometrni tashkil etadi.

Baxtiyor Rahmonqulovning so‘zlariga ko‘ra, hozircha loyiha ishlari davom etmoqda. Ko‘chalarni kengaytirish rejalashtirilayotgani yo‘q, chunki ularning har biri yetarli kenglikka ega. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, rekonstruksiya ishlarining umumiy qiymati 230,9 milliard so‘mni tashkil etadi. Qayta qurish jarayonida ko‘chalar butunligicha yopilmaydi, balki faqat rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani yo‘nalish bekitiladi.

Loyihada mavjud yo‘l o‘tkazgichlarni yangilash, yordamchi yo‘llar, tutash mahallalarga kirish joylarini qurish va piyodalar o‘tish joylarini tartibga solish ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi Toshkent hokimiyati «Gazeta.uz»ga. Avtobus bekatlari uchun yoritish moslamalari va jihozlarni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Xususan, Ahmad Donish ko‘chasi Mega Planet savdo markazidan Nurafshon ko‘chasi chorrahasigacha rekonstruksiya qilinadi, dedi Baxtiyor Rahmonqulov. Ushbu uchastkaning uzunligi 4,5 kilometrdan ortiq, kengligi esa 40 metrni tashkil etadi. Loyihaning dastlabki qiymati 110 mlrd so‘m.

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Hokim o‘rinbosari hozirda Ahmad Donish ko‘chasida piyodalar harakatlanishi uchun hech qanday sharoit yo‘qligini va avtobus bekatlari tasodifiy joylashganligini ta’kidlab o‘tdi. Harakat yo‘nalishlari o‘rtasidagi yashil oraliqda eski yuqori voltli simyog‘ochlar turibdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rekonstruksiya qilinganidan so‘ng, yashil oraliq nafaqat saqlanib qoladi, balki 3 dan 5 m gacha kengayadi, harakat yo‘nalishlari esa uchta bo‘lakka ega bo‘ladi: ikkitasi — har biri 3,5 metr va bittasi — 3 metrdan. Piyodalar yo‘lagi ham 3 metrgacha, shuningdek, to‘xtab turish maydonchalari ham kengayadi.

Ahmad Donish ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi.

Bundan tashqari, Farg‘ona Yo‘li va Ahmad Donish ko‘chalarida har ikki tomondan kengligi 1,2−2 m bo‘lgan velosiped yo‘laklari qurilishi rejalashtirilgan. Yangi Sirg‘ali ko‘chasining kengligi velosiped yo‘llarini tashkil qilishga imkon bermaydi, deya xabar berdi Toshkent hokimiyati «Gazeta.uz»ga.

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasi Kichik halqa yo‘lidan Toshkent avtomobil halqa yo‘ligacha rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, Bektemir yo‘li ko‘chasining TAHYdan Husayn Boyqaro ko‘chasigacha bo‘lgan qismi ham yangilanadi. Qayta tiklangan uchastkalarning umumiy uzunligi 7,65 kilometrni tashkil etadi, dedi Baxtiyor Rahmonqulov.

Yangi Sirg‘ali ko‘chasi Janubiy vokzaldan Qipchoq ko‘chasi chorrahasigacha to‘liq rekonstruksiya qilinadi. Ushbu uchastkaning umumiy uzunligi 6,6 kilometr. Rekonstruksiyadan so‘ng Sirg‘ali tumanidagi avtomobil bozoriga kirish Yangi Sirg‘ali ko‘chasidan, chiqish esa TAHYga bo‘ladi.

Manba: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Hokim o‘rinbosari — hokimiyatning Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi Qushbegi ko‘chasida yangi yo‘l o‘tkazgich qurish loyihasi ishlab chiqilmoqda. U Kichik halqa yo‘lini Yangi Sirg‘ali ko‘chasi bilan bog‘laydi.

Loyihaning dastlabki qiymati 16 million dollarni tashkil etadi. Qurilish Xitoyning Ipak yo‘li investitsiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi, deya xabar berdi poytaxt ma’muriyati.

Toshkent hokimiyati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili poytaxtda 665 ming kvadrat metr maydondagi 80 km ko‘cha va yo‘llar asfaltlangan. 2020 yilda ushbu ko‘rsatkichlarni mos ravishda 236 km va 1,04 mln kvadrat metrga yetkazish rejalashtirilgan.