12 dekabr kuni O‘zbekistonga Xitoydan 1 mln doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi tomonidan yuborilgan vaksinalar respublika aholisini emlash ko‘lamini kengaytirib, pandemiya sharoitida mamlakatda ommaviy immunitet hosil qilishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda foydalanilayotgan vaksinalar miqdori 49 mlndan oshdi. Vaksinalarning turlari bo‘yicha holat quyidagicha:

  • 2 404 480 dozasi AstraZeneca;
  • 37 789 938 dozasi ZF-UZ-VAC2001;
  • 1 341 790 dozasi «Sputnik V»;
  • 3 000 060 dozasi Moderna;
  • 2 316 600 dozasi Pfizer/BioNTech;
  • 1 976 000 dozasi Sinovac;
  • 207 500 dozasi Sputnik Light.

Shundan 36 mln dozadan ko‘prog‘i emlash jarayonlarida qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin O‘zbekistonga 200 ming doza Sputnik Light vaksinasi keltirilgani xabar qilingandi. Shuningdek, AQSh O‘zbekistonga yana 300 ming doza Pfizer vaksinasini yuborgandi.