Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida 2022 yilda qashshoqlikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar, shuningdek, hokim o‘rinbosarlari faoliyatini samarali tashkil etishga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

«Har bir hududda saylovoldi uchrashuvlarida xalqimiz bilan birga katta-katta marralarni belgilab oldik», — dedi davlat rahbari.

«Bugungi kunga qadar shakllangan dastur loyihalari eskicha qolipda tayyorlangan va birortasida „ega-kesim“ yo‘q, birorta viloyat hokimi buni o‘zidan o‘tkazmagan», — deya tanqid qildi u.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yildan mablag‘lar va yaratilayotgan imkoniyatlar mahallaning ehtiyojidan kelib belgilanadi.

«Bunda mahallada ish o‘rinlari yaratish va kambag‘allikni qisqartirish asosiy mezon bo‘ladi. Bu ishlarni amalga oshirishga hokim yordamchilari mas’ul bo‘ladi», — dedi prezident.

Yig‘ilishda kelgusi yilda qashshoqlik va ishsizlik darajasini pasaytirish bo‘yicha quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi ma’lum qilindi:

  • oilaviy tadbirkorlik dasturlari, ishsiz aholi va yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun 13 trln so‘m beriladi;
  • paxta va g‘alladan bo‘shaydigan 200 ming gektar maydonning 80 ming gektari aholiga beriladi;
  • meva-sabzavot loyihalariga 100 mln dollar va meva-sabzavot klasterlariga 2 trln so‘m resurs yo‘naltiriladi;
  • aholi bandligini ta’minlashda 500 ming gektardan ziyod tomorqalardan samarali foydalanish uchun kelgusi yilda 100 mln dollar yo‘naltiriladi;
  • aholi tomorqasida dehqonchilikni yo‘lga qo‘yish uchun banklar tomonidan 7 foiz stavkada imtiyozli kreditlar beriladi.

Davlat rahbari hokim yordamchilari tomorqasi bo‘lgan xonadonlarda 100 ta parranda, 20 ta quyon, 5−6 ta qo‘y va echki, kamida 5−10 ta kurka, 5 ta asalari uyalari boqilishini tashkil etishga ko‘maklashishi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, prezident kelgusi yilda Davlat investitsiya dasturi doirasida 18,5 trln so‘mlik loyihalar amalga oshirilishini aytdi.

«Bundan buyon investitsiya dasturlarini hokimlarning o‘zi mahallabay tamoyili asosida ishlab chiqadi. Ya’ni, dastur vazirlikda emas, balki mahalladan boshlab shakllanadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ta’kidlanishicha, tarmoq va hududiy investitsiya dasturlari doirasida 22 mlrd dollarlik 9 mingta loyiha amalga oshirilishi va 305 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.

«Misol uchun, hududlardagi maxsus iqtisodiy zonalarning tashqi muhandislik infratuzilmasini rivojlantirish uchun keyingi yilda budjetdan 2 trln so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi», — dedi u.

Yig‘ilishda mahallalarni rivojlantirishga tashqi investitsiya va moliyaviy resurslarni ham yo‘naltirish masalasiga to‘xtalib o‘tildi.

«Kelgusi yilda xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobiga 109 ta loyiha doirasida 2,2 milliard dollar mablag‘ o‘zlashtirilib, 28 ming aholi bandligi ta’minlanadi», — dedi davlat rahbari.

Qo‘shimcha qilishinicha, endilikda xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan mablag‘larni ham mahallaga bog‘lash tizimi joriy etiladi.