Seshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Unga ko‘ra, yig‘ilishda davlat rahbari yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda eng muhim omil sog‘lom turmush tarziga amal qilish ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

Ma’lum qilinishicha, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda har yili eng namunali mahallalar tanlab olinib, ularda zamonaviy fitnes ko‘chalarini barpo etish uchun 100 mlrd so‘m ajratiladi.

Viloyat hokimlariga ikkitadan, tuman va shahar hokimlariga bittadan namunali mahallada shunday ishlarni tashkil qilish topshirildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Sog‘lom turmush tarzi” (1hls.uz) platformasidan foydalanuvchilar bugungi kunda 600 ming nafarga yetdi, ularga piyoda yurgani uchun 18 mlrd so‘m to‘lab berildi. Moliya vazirligiga kelgusi yilda bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytarish va platformadan foydalanuvchilar ko‘lamini yanada kengaytirishga qo‘shimcha 60 mlrd so‘m ajratishga ko‘rsatma berildi.

Avvalroq “Gazeta.uz” prezident qarori bilan Moliya vazirligi tomonidan “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarni 2022 yil uchun davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishi haqida yozgan edi. Shuningdek, 1hls.uz ilovasida haqiqatda piyoda yurganligini aniqlovchi mexanizm joriy etilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil oktabrdagi farmoni bilan aholini kunlik yurish va yugurishga targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratildi.

Unda 1hls.uz platformasidagi to‘lovlar aholi salomatligi uchun zararli bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan maxsus yig‘im joriy etish hisobidan amalga oshirilishi aytilgandi.

Turizm va sport vazirligi tomonidan 14 sentabrdan piyoda yurish va yugurishni targ‘ib qilish maqsadida ishga tushirilgan “Sog‘lom turmush tarzi platformasi” (1hls.uz) qadamlar uchun pul to‘lashni vaqtincha to‘xtatib qo‘yilgani haqida xabar berilgan edi.

Keyinroq vazirlik ushbu xabarni rad etib, “axborot xizmati xodimi asossiz va tasdiqlanmagan ma’lumot bergani"ni ta’kidlagandi.

“Gazeta.uz” 1hls ilovasini mobil telefonga yuklash, undan foydalanish va pulni bank kartasiga o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanmani e’lon qilgan edi.