2023/2024 o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda huquqiy fanlardan test topshirish amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.

Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda abituriyentlar 2 ta bo‘limdan iborat 5 ta fan majmuasidan test sinovlari topshiradi. Bular:

  • 1-bo‘limda barcha yo‘nalishlar uchun majburiy 3 ta fan — ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi;
  • 2-bo‘limda yurisprudensiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2 ta fan — tarix va chet tili fanlari.

“Mazkur holat, ya’ni „yurisprudensiya“ ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘limida nomutaxassislik (tarix) fanining belgilanishi umumiy o‘rta ta’lim va oliy yuridik ta’lim o‘rtasida uzviylikning ta’minlanmasligiga, maktabda huquqshunoslik faniga bo‘lgan qiziqishnining pasayishga hamda oqibatda oliy ta’limga kelgan talabada huquqiy fanlar bo‘yicha zarur bilim shakllanmayotganligiga olib kelmoqda”, — deyiladi xabarda.

Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirishda 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab test sinovlarining 2-bloki, ya’ni yurisprudensiya bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘yicha tarix fani o‘rniga huquqiy fanlarni kiritish masalasi universitet kengashida ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Mazkur taklifning joriy etilishi bir qator ijobiy natijalarga xizmat qilishi aytildi, xususan:

  • maktab yoshidanoq bolalarning huquqiy fanlarni chuqur o‘zlashtirishiga, konstitutsiya va qonunlarni puxta o‘rganishiga;
  • maktablarda sifatli, xalqaro standartlarga mos yuridik darsliklarning yaratilishiga;
  • huquqshunoslik fanlaridan ta’lim beruvchi o‘qituvchilarga nisbatan qo‘yiladigan talablar oshishi natijasida ularning malakasini doimiy oshirib borishi uchun mustahkam zamin yaratishga;
  • TDYUga dastlabki huquqiy bilimlarga ega yosh avlod vakillari kirib kelishiga erishiladi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 4 yil davomida yuqori sinflarda Davlat va huquq asoslari hamda Konstitutsiyaviy huquq asoslari fanlari o‘qitib kelinmoqda. Test savollari ushbu darsliklar asosida tuziladi.