O‘zbekiston Transport vazirligi «Toshkent metropoliteni» DUK boshlig‘ining raqamlashtirish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga chet ellik mutaxassisni jalb qiladi. Mazkur topshiriq prezidentning 16 oktabrdagi metropoliten faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi qarorida aks etgan.

Bundan tashqari, metropoliten faoliyatini rivojlantirish va samaradorligini oshirish strategiyasini ishlab chiqish uchun ilg‘or xorijiy tajribaga ega konsultantlarni jalb etish rejalashtirilgan.

Avvalroq ushbu qaror bilan «Toshkent metropoliteni» «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibidan chiqarilib, Transport vazirligi tarkibiga o‘tkazilishi haqida yozgan edik.

Hujjat bilan metropolitenda xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va harakatlanuvchi tarkibni bosqichma-bosqich yangilash, transport xavfsizligini yaxshilash, jamoat transporti ustki yo‘llari bilan bekatlarni birlashtirish va boshqa vazifalar belgilab berildi.

Qaror bilan 2021−2023 yillarda metroda yo‘lovchilar tashish va poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda yangi vagonlar, ehtiyot qismlar va uskunalar sotib olish, mavjud poyezdlarni modernizatsiya qilish, bekatlar yaqinida avtoturargohlar va transport uzellari, baland uchastkalarda evakuatsiya zinalari qurish, transport kartalari va bir martalik chiptalar sotish uchun axborot kiosklarini o‘rnatish va boshqalar ko‘zda tutilgan.