O‘zLiDePdan prezidentlikka nomzod va amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 11 oktabr kuni Qarshidagi saylovchilar bilan uchrashuvda qishloq xo‘jaligining mexanizatsiyasi masalasiga to‘xtaldi.

Prezidentning ta’kidlashicha, kelgusi besh yilda 40 foiz qishloq xo‘jaligi texnikalari yangilanib, mexanizatsiya darajasi 90 foizga, jumladan mashinada paxta terimi 15 foizdan 60 foizga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bunda, paxtani mashinada terish xarajatining 30 foizini budjetdan qoplab berish yana uch yilga uzaytiriladi.

Bundan tashqari, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona to‘lovlaridan ikki yil muddatga ozod qilinishi, qishloq xo‘jaligi texnikasi xaridi uchun subsidiyalar ko‘lami ham ko‘paytirilishi rejalashtirilgan.


Paxta terimini mexanizatsiyalash bo‘yicha yangi rejalar

2013 yilning oktabrida o‘sha paytda bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan Shavkat Mirziyoyev 2016 yilga kelib paxta terimining mexanizatsiyasini 80−90%ga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidlagan edi.

2017 yil oktabr oyida sobiq bosh vazir o‘rinbosari va «O‘zagrotexsanoatxolding» sobiq rahbari (hozirda tugatilgan) Nodir Otajonov 5 yil davomida paxta terimi mexanizatsiyasi 80%ga yetishini ma’lum qilgan edi. O‘shanda u 2018 yildan Sirdaryo viloyatida paxta terimining mexanizatsiyasini 80%ga yetkazish rejalashtirilganini aytgan edi.

2019 yilning dekabrida Nodir Otajonov 2020 yildan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida paxtani mashinada terish darajasi 50%ga, keyingi yillarda 80%ga yetishini ma’lum qilgan edi.

2020 yilning yanvar oyida qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, birinchi bosqichda (2020−2022 yillarda) Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida, ikkinchi bosqichda (2023−2026 yillarda) qolgan hududlarda mexanizatsiya joriy qilinishini tezlashtirish nazarda tutilgan edi.

O‘tgan yilning aprelida prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zavtosanoat»ga paxta terimini mexanizatsiyalashni tezlashtirish va 2020 yilning sentabrigacha hududlarga 1000 tadan kam bo‘lmagan miqdorda paxta terish mashinalarini yetkazib berish hamda hududlar markazlarida servis markazlarini tashkillashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.


TTZning traktorlari va paxta terish kombaynlari. Foto: Asqar Yoqubov (O‘zA).

2017 yilning oktabrida Nodir Otajonov butun mamlakat bo‘yicha paxta terimini mexanizatsiyalash uchun kamida 14−15 mingta paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish talab qilinishini ta’kidlagan edi. U traktorlarni ishlab chiqarish hajmi 2017 yilda 1500 dan 3000 gacha, 2018 yilda 5000gacha, 2019 yilda esa 10 minggacha oshishini prognoz qilgan edi.

«Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlarini tahlil qilib, rejalashtirilgan maqsadlarga erishilmaganligini aniqladi, traktorlarni ishlab chiqarish esa deyarli to‘xtatilgan. Jumladan, 2017 yilda O‘zbekistonda 1000 tadan kam traktor ishlab chiqarilganbo‘lsa, 2018 yilda 3393, 2019 yilda 2022, 2022 yilda 673 ta traktor ishlab chiqarilgan. Joriy yilning birinchi 6 oyida 173 tagina traktor ishlab chiqarilgan.

Hukumat qarorida ko‘rsatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2020 yilning boshida O‘zbekistonda 10270 ta paxta terish mashinalariga ehtiyoj mavjud bo‘lgan. Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi 2020 yilda 1000 ta, 2021 yilda 1200 ta, 2022−2026 yillarda 8070 ta mashina ishlab chiqarishi kerak edi.

Shuningdek, Davlat statistika qo‘mitasi tahririyatga traktorlar importi bo‘yicha ma’lumotlarni ham taqdim etdi. 2016 yilda mamlakatga qishloq xo‘jaligi ishlari uchun 25,5 mlnd dollarga 799 ta traktor olib kirilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 20,9 mlnd dollarlik 630 ta, 2019 yilda 69,3 mln dollarlik 2465 ta, 2020 yilda 76,8 mln dollarlik 2296 ta traktorgacha o‘sgan. 2021 yilning yanvar-iyun oylarida 31,6 mln dollarga 1895 ta traktor import qilingan.

Bundan tashqari, 5 yil ichida yonida yuradigan haydovchi tomonidan boshqariladigan traktorlar (motoblok, motokultivator) importi ham o‘sgan. 2016 yilda bunday texnikadan 2400 dollarga 3 tagina olib kirilgan bo‘lsa, 2017 yilda 22 ming dollarga 16 ta, 2018 yilda 64,4 ming dollarga 133 ta, 2019 yilda 1,3 mln dollarga 7166 ta, 2020 yilda 2,2 mln dollarga 12630 ta shunday mashinalar import qilingan. Joriy yilning birinchi olti oyida 3 mln dollarlik 16233 ta motoblok olib kelingan.

Paxta terimini mexanizatsiyalashning ahamiyati

2016 yili Jahon banki «O‘zbekistonda paxta terimini mexanizatsiyalashning ijtimoiy ta’sirini baholash» hisobotini e’lon qilgan edi. Unda O‘zbekiston paxta terimi jarayonini mexanizalashtirmagan va qo‘lda paxta terishga tayanishda davom etayotgan paxta yetishtiruvchi kam sonli mamlakatlardan biri ekanligi aytilgan edi. 2014 yilda hukumat paxta terimini mexanizatsiyalashga qaror qildi — bu qisman xalqaro hamjamiyati bosimiga javob edi, deyiladi hisobotda.

Davlat buyurtmasi tizimida (bu amaliyot 2020 yildan boshlab bekor qilina boshlandi) O‘zbekistondagi fermerlar ko‘pincha paxta yetishtirishdan boshqa narsa qila olishmasdi. Ular shartnomaga asosan har yili hukumat tomonidan belgilanadigan kvotalarda nazarda tutilgan hajmda paxta yetishtirishlari va paxtani davlat tomonidan o‘rnatilgan narxlarda davlatning o‘ziga sotishlari kerak edi.

Paxta terimi jarayonining mexanizatsiyalashtirilishi paxtani terish bo‘yicha tashkillashtirilgan mehnatga ehtiyojni kamaytirishi mumkin, biroq paxta terimi muhim daromad manbasi bo‘lgan aholi qatlamlari uchun bu salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deyilgan edi JB hisobotida.