Prezidentning 27 maydagi qarori bilan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etilgan edi.

Hukumatning 13 oktabrdagi qarori asosida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi 2022 yil 1 yanvardan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tarkibidan chiqariladi.

Markaz shuningdek, yuridik shaxs maqomiga ega davlat tibbiyot muassasasi sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Hujjatga muvofiq, Gematologik va onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga palliativ tibbiy xizmat ko‘rsatish Markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Onkologik va gematologik bemorlarga respublika bosh tibbiyot tashkilotlarida davolanish uchun imtiyozli yo‘llanmalar asosida bemorlar pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan o‘tishi bilan bog‘liq xarajatlar respublika budjetidan qoplanadi. Ro‘yxat SSV tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan tarzda tasdiqlanadi.

Imtiyozli yo‘llanma berilgan taqdirda ularning temir yo‘l va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjetdan qoplab beriladi.

Bunda bemor yoki uning qonuniy vakili respublika bosh tibbiyot tashkilotlarida davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma yoki vaucher bilan birga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni Toshkent shahriga kelishdan 3 kun oldin temir yo‘l yoki aviatransport kassalariga taqdim etishi lozim.

Chiptalar shu kunning o‘zida, tejamkor «econom» (xohishga ko‘ra platskart yoki kupe) toifasida rasmiylashtiriladi. Bemor yoki uning qonuniy vakili talabiga ko‘ra qo‘shimcha to‘lov asosida «econom»ga kirmaydigan yo‘l chiptalari xarid qilinishi ham mumkin. Mazkur muddatdan kech qolgan holatda, pullik asosda yo‘l chiptalari rasmiylashtiriladi.

Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari qatorida gematologik va onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga palliativ tibbiy xizmat ko‘rsatish, nufuzli xorijiy tibbiyot markazlari bilan xalqaro hamkorlikni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Qaror bilan SSVga 2021 yil 20 dekabrdan respublika va viloyat miqyosida bolalar gematologiyasi, onkologiya va klinil immunologiyasi yo‘nalishidagi tibbiy xizmatlar hajmi va turi bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatish tartibini tasdiqlash vazifasi ham yuklatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, may oyining o‘rtalarida prezident Shavkat Mirziyoyev respublika gematologiya hamda onkologiya va radiologiya markazlariga tashrif buyurib, bemor va ularning qarindoshlari bilan suhbatlashgandi va O‘zbekistondagi onkologiya xizmati yaxshilash bo‘yicha vazifalarni belgilagan edi.