Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «BB-» darajasida (spekulyativ xatarli majburiyatlar) tasdiqladi. Reyting bo‘yicha bashorat — «barqaror», deyiladi agentlikning 8 oktabr kuni e’lon qilgan press-relizida.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston reytinglari yaxshi tashqi va fiskal bufer zaxiralarini, davlat qarzining pastligini, shuningdek reytingi «BB» kategoriyasidagi solishtirsa bo‘ladigan emitentlarga nisbatan yuqori o‘sish tarixini hisobga oladi. Boshqa tomondan, tahlilchilar xom ashyo sektoriga yuqori darajadagi qaramlik, inflyatsiyaning yuqoriligi va aholi jon boshiga past YAIM darajasi ko‘rinishidagi tuzilmaviy kamchiliklar, shuningdek solishtiriladigan davlatlarga nisbatan institutsional muhit va boshqaruv sifatining zaif darajalarini qayd etishmoqda.

Fitch 2021 yilda mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi 6,2%ni tashkil qilishini va 2022−2023 yillarda o‘rtacha 5,7% darajada bo‘lib («BB» medianasi uchun bashorat qilingan 3,7% bilan taqqoslaganda), kuchli dinamikani saqlab qolishini bashorat qilmoqda. Ushbu ko‘rsatkichlar bosqichma-bosqich budjet konsolidatsiyasi, kuchli investitsiyalar, tashqi moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatlarining saqlanib qolishi va qishloq xo‘jaligi, qurilish va sanoat ishlab chiqarishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotgan islohotlar bilan qo‘llab-quvvatalanadi.

«Pandemiyaning rivojlanishi va vaksinatsiya jarayonini amalga oshirish bo‘yicha kechikishlar (sentabr oyi o‘rtasida emlanishi rejalashtirilgan aholining 16% to‘liq emlangan edi) bizning o‘sish bo‘yicha bashoratlarimizga salbiy ta’sir qilish xavfi bor», — deyiladi hisobotda.

Agentlikning bashoratlariga ko‘ra, O‘zbekistonning jami budjet tanqisligi 2021 yilda YAIMning 5,2%gacha o‘sadi, bu ko‘rsatkich hukumat rejalashtirgan 5,5% darajasidan va «BB» medianasi uchun bashorat 5,7%dan ozgina pastroq. 2021 yilga bashorat konsolidatsiyalangan budjet (kengaytirilgan hukumat budjeti va O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (tashqi manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan xarajatlar va operatsiyalar)) tanqisligi YAIMning 3,4%gacha mo‘tadil o‘sishidan kelib chiqadi. Bu ko‘rsatkich 2020 yilgi 2,8%dan kattaroq, lekin hukumat bashorati 3,7%dan pastroq.

Biroq hukumat budjetda ajratilganidan ko‘ra ko‘proq daromadlarni (budjetdan butun yil uchun ajratilgan 11% bilan taqqoslaganda 2021 yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning ushbu davriga nisbatan 29%ga ko‘proq) qo‘shimcha ijtimoiy va kapital xarajatlarga yo‘naltirishni rejalashtirmoqda, oldingi yillar kabi, rejalashtirilgan xarajatlar darajasiga ma’lum darajada yetmaslikning ehtimoli bor.

«Biz bosqichma-bosqich budjet konsolidatsiyasini bashorat qilyapmiz, davlatning investitsiyalar, sog‘liqni saqlash va ta’lim uchun xarajatlarga saqlanib qolayotgan e’tiborini hisobga olgan holda undagi jami tanqislik 2022 yilda YAIMning 4,3% va 2023 yilda 3,8% darajasida bo‘ladi. Bundan tashqari, hukumat 2023 yilda YAIMning 1,1% darajasida baholangan soliqlarni (QQS va mol-mulkka soliq) pasaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqadi, bu esa, bizning kutilmalarimizga ko‘ra, soliqqa solishning rasmiylashtirilishi va samaradorligini yaxshilash hisobiga qisman qoplanadi», — deya ta’kidladi Fitch agentligi.

Agar qarzlar hajmi hukumat tomonidan rejalashtirilgan darajada bo‘lsa, 2021 yilda davlat qarzi YAIMning 42%gacha o‘sadi (tashqi kafolatlar ko‘rinishidagi YAIMning 12%ini qo‘shib hisoblaganda), bu ko‘rsatkich 2020 yilda 37% edi. Agentlik bashoratlariga ko‘ra, 2023 yilda qarz YAIMning 44% darajasiga yetadi, bu «BB» uchun bashorat qilingan 59% darajadagi medianadan pastroq, lekin 2018 yilgi 20% darajadan ikki baravar ko‘proq bo‘ladi. Davlat qarzi deyarli to‘liq ravishda xorijiy valyutada (2021 yil oxiri uchun bashoratlarga ko‘ra, 96%), bu makroiqtisodiy barqarorlik va qarz yuklamasiga chidamlilik o‘rtasidagi kuchli o‘zaro bog‘liqlikni anglatadi.

Bundan tashqari, yaqin vaqt ichida hukumat davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunni parlamentga ko‘rib chiqishi uchun kiritishni rejalashtirmoqda. Ushbu qonun qarzning chegarasi YAIMning 60% darajasida bo‘lishini, qarzlarni jalb qilish (DXSH doirasidagi majburiyatlar bilan birgan) bo‘yicha yillik chegaralarni va qarz YAIMning 50%dan oshgan taqdirda moslashtiruvchi choralarni ko‘rish bo‘yicha talablarni belgilaydi.

Davlat xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan siyosatning oldindan bashorat qilinishi ehtimolini oshirish uchun budjet qoidasini ishlab chiqmoqda. Pandemiyadan keyingi davrda qarzlar bo‘yicha maqsadli chegaralarga rioya qilish amaliyotining shakllanishi va budjet konsolidatsiyasining barqaror strategiyasini amalga oshirish davlat moliyalarini asosiy qulay reyting omillari sifatida saqlab qolish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston 2022−2023 yillarda zaxiralar bilan qoplangan taqdirda (amaldagi xorijiy valyuta to‘lovlaridan 12,6 oy) yaxshi tashqi bufer zaxiralarini (2021 yilda zaxiralar 35,2 mlrd dollar miqdorida bo‘lishi bashorat qilinmoqda) saqlab turadi.

Tahlilchilarning kutilmalariga ko‘ra, Markaziy bank inflyatsion targetlashga o‘tish doirasida ijobiy real stavkalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Bank monetar siyosatning trasnmission mexanizmlarini yaxshilash uchun instrumentlarni ishlab chiqmoqda, lekin yuqori inflyatsion kutilmalar, moliyaviy dollarlashuv, tor kapital bozorlari va davlat sektori tomonidan moliyalashtiriladigan imtiyozli shartlardagi kreditlarning ulushi haligacha yuqoriligi bunga to‘siq bo‘lib qolmoqda.

«Biz 2021 yil oxiriga kelib inflyatsiyaning 9,8%gacha pasayishini bashorat qilyapmiz, lekin kuchli ichki talab, oylik maoshlarining o‘sishi hamda elektr energiyasi va gazga bo‘lgan tariflarning moslashtirilishi sababli 2022−2023 yillarda inflyatsiya ko‘rsatkichlari solishtiriladigan reytingli emitentlardan („BB“ uchun mediana — 5,4%) yuqori bo‘lishini kutyapmiz», — deyiladi hisobotda.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, davlat kambag‘allikni qisqartirish va iqtisodiy islohotlarni o‘tkazish bilan bir vaqtda ijtimoiy sharoitlarni yaxshilashga kuchli e’tiborni saqlab qoladi. Islohotlarning keyingi bosqichining murakkabligi, ayniqsa maqsadlar va muddatlar bo‘yicha katta rejalarni hisobga olganda, davlatning institutsional salohiyatini sinovdan o‘tkazadi.

Fitch kutilmalariga ko‘ra, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev, katta ehtimol bilan, 24 oktabrdagi saylov natijalariga ko‘ra ikkinchi muddatga saylanadi.

«Mamlakat ilgarigidek islohotlar bo‘yicha uzoq muddatli choralarni qo‘llab-quvvatlaydigan institutsional muhitni rivojlantirish jarayonini boshdan kechirmoqda, lekin boshqaruv bo‘yicha rivojlanish bosqichma-bosqich bo‘ladiganga o‘xshaydi. Afg‘onistondagi hukumat o‘zgarishining ta’siri ehtimoliy qochqinlar oqimi yoki siyosiy barqarorlik uchun xatarlar jihatidan cheklanganligicha qolmoqda», — deyiladi hisobotda.

O‘zbekiston Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatori reytingida quyi pog‘onalarda turadi, bu esa «siyosiy jarayonlarda ishtirok etish huquqlari va institutsional salohiyatning past baholanganligi, qonun ustuvorligi tamoyilining teng ravishda qo‘llanilmasligi va korrupsiyaning yuqori darajada ekanligini» bildiradi.

Oldinroq Fitch O‘zbekistonning bank sektori haqidagi hisobotini e’lon qilgan edi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda aktivlarning sifat ko‘rsatkichlari pasaygan va bundan keyin ham yomonlashishi kutilmoqda. Bunga sabab — kredit ta’tillari muddati nihoyasiga yetganligi va ko‘p sonli kreditlar uchun imtiyozli davrlar yakunlanganligi.