O‘zbekiston va Turkmaniston Afg‘oniston xalqiga yordam berishni davom ettirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakatlar prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedov seshanba kuni OAV vakillari uchun brifingda ma’lum qilishdi.

O‘zbekiston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlikka ta’sir ko‘rsatadi.

«Bizning mamlakatlarimiz kelgusida ham Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash uchun afg‘on xalqiga hartomonlama yordam ko‘rsatishda davom etishga tayyor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Afg‘oniston bilan bog‘liq transmilliy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha rejalar mavjudligini ham qayd etdi.

«Biz [Afg‘oniston bilan amalga oshirishni] rejalashtirgan yirik transmilliy loyihalarimiz, qanchalik qiyin bo‘lmasin, to‘xtab qolmasligi uchun, aksincha rivojlanib borishi uchun muzokaralarni davom ettirishga kelishdik. Chunki ushbu loyihalar kelajakda Afg‘oniston iqtisodiyoti oldinga katta qadam tashlashi uchun yordam beradi», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston bo‘yicha dialog xalqaro tuzilmalar doirasida davom etishini qayd etdi.

Turkmaniston prezidenti «afg‘on muammosining prinsipial masalalari» bo‘yicha ikkala mamlakatning yondashuvlari bir-biriga o‘xshash ekanligini ta’kidladi.

«Turkmaniston va O‘zbekistonning afg‘on yo‘nalishida birga ishlashi ushbu mamlakatdagi siyosiy vaziyatning normallashuvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning tiklanishi, uning mintaqaviy va dunyo xo‘jaligi munosabatlariga keng jalb qilinishida faqatgina katta yordam berishi mumkin», — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Turkmaniston prezidenti 4−5 oktabr kunlari O‘zbekiston rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov o‘tgan hafta TASSga bergan intervyusida Turkmaniston yangi afg‘on hukumati bilan yaqindan ishlashga tayyor ekanligini va ushbu mamlakatdagi vaziyatning normallushivga ko‘maklashishga tayyor ekanligini ta’kidlagan edi.

17 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitida Afg‘onistonning yangi hukumati bilan dialog qilishga chorladi va xorijiy banklardagi afg‘on aktivlarini qaytarishni taklif qilgan edi. 21 sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 76-sessiyasidagi chiqishida esa u «Afg‘onistonni yakkalab qo‘yish mumkin emas"ligini va mamlakatni katta muammolar bilan yolg‘iz qoldirish kerakmasligini ta’kidlagan edi.