Sport gimnastikachisi Oksana Chusovitina 2022 yilda o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida qatnashishini ma’lum qildi. Bu haqda sportchining o‘zi Instagram sahifasida xabar berdi.

“2022 yilgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rishga qaror qilganimni barchaga yetkazmoqchiman. Men, shunchaki, faoliyatimni O‘zbekiston uchun medalsiz yakunlay olmayman”, — deya yozib qoldirdi 46 yoshli gimnastikachi.

Foto: Oksana Chusovitinaning Instagram sahifasidan

Oksana Chusovitina 1975 yil 19 iyun kuni Buxoro shahrida tug‘ilgan. U sport bilan shug‘ullanishni 8 yoshida boshlagan. Uzoq yillar davomida Svetlana Kuznetsova qo‘l ostida sport gimnastikasini o‘rganib kelgan. 1990 yil terma jamoa a’zosiga aylangan.

Oksana Chusovitina sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) hisoblanadi. 1992 yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi, 3 karra Jahon chempioni.

Oksana Chusovitina yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Tokiodagi olimpiada uning uchun sakkizinchisi edi.

Iyul oyida Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlagani haqida xabar berildi.

Chusovitina Tokiodagi Olimpiadadagi ishtiroki va kelgusidagi rejalari haqida so‘zlab bergan edi. “Finalga chiqa olmadim, lekin bu qo‘rqinchli narsa emas. Men gimnastikada qo‘limdan kelgan barchasini qildim”, — degan edi gimnastikachi.

U “Gazeta.uz"ga bergan intervyusida murabbiy bo‘lmasligini aytib o‘tgan edi. “Men O‘zbekistonda bolalar va yoshlar sportini rivojlantirmoqchiman, va shu yo‘nalishda harakat qilaman, aynan sog‘lom millatni shakllantirish uchun”, — degan edi Oksana Chusovitina.

Avgust oyida Oksana Chusovitina “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.