O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdida prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muhbiri.

«Qo‘shni Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga, jafokash afg‘on xalqiga qo‘limizdan kelgan barcha yordamni ayamaymiz. „Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar“ temir yo‘lini qurish hamda energetika, savdo va sanoat sohalaridagi strategik va muhim loyihalarni hamkorlikda, albatta amalga oshiramiz», — dedi u.

Shuningdek, davlat rahbari O‘zbekiston BMT organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirishini ta’kidladi.

«Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish bo‘yicha aniq amaliy qadamlar qo‘yiladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 7 sentabr kuni «Tolibon» Afg‘onistonning vaqtinchalik hukumati tarkibini e’lon qilgan edi.O‘zbekiston ushbu voqeani olqishlab, yangi davlat idoralari bilan «konstruktiv muloqot va amaliy o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini»bildirdi. O‘z navbatida, «Tolibon» vakili Anas Haqqoniy toliblar O‘zbekiston hukumatining ijobiy munosabatini qadrlashini ma’lum qildi.

May oyida Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston uchun kuzatuvchi sifatida YeOII bilan o‘zaro aloqalarning aniq, sezilarli natijalariga erishishni ta’minlash muhimligi» haqida ta’kidlagan edi.