Gvineyada harbiylar tomonidan davlat to‘ntarishi sodir etildi

5 sentyabr kuni Gvineyada harbiylar isyon uyushtirdi. Qo‘zg‘olon yetakchisi polkovnik Mamadi Dumbuya mamlakat prezidenti Alfa Kondeni hibsga olganini e’lon qildi. TASS hozirgacha ma’lum bo‘lgan davlat to‘ntarishi tafsilotlarini keltirmoqda:

  • Harbiylar shimoliy-sharqiy yo‘nalishdan mamlakat poytaxti Konakriga olib keluvchi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘yishdi.
  • Isyonchilar mamlakat konstitutsiyasi amali to‘xtatilgani va parlament tarqatib yuborilganini e’lon qilishdi.
  • Dumbuya televideniye orqali Gvineya hukumati tarqatib yuborilganini e’lon qildi. Hukumatdan chetlatilgan vazirlarga chet elga chiqish taqiqlandi, ulardan xizmat mashinalarini topshirish talab qilinmoqda.
  • Isyonchilar yetakchisi mamlakat o‘tish davri kutayotganini aytdi. Davlatni milliy birlik hukumati boshqaradi, hokimiyat va jamiyatning barcha institutlari yangilanadi, deya ta’kidladi polkovnik.
  • Dumbuya Gvineyaning tashqi chegaralarini yopishni buyurdi va harbiylarni kazarmada qolishga chaqirdi. Ammo 6 sentyabrda Gvineyaning tashqi chegaralari tijorat va gumanitar reyslar uchun yana ochildi.
  • Mamadi Dumbuya uyushish va taraqqiyot milliy qo‘mitasi rahbari lavozimini egallaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mitaning maqsadi — mamlakatning barcha fuqarolarini davlat oldida turgan muammolarni hal qilish uchun birlashtirishdir.
  • Isyonchilar fuqarolar va ularning mol-mulki xavfsizligini ta’minlashga va’da berishdi. Shuningdek, ular butun mamlakat bo‘ylab komendantlik soati e’lon qilishdi.
  • Gvineya Mudofaa vazirligining xabar berishicha, gvardiya isyonchilarining prezident saroyiga qilgan hujumini qaytarishgan. Biroq idora mamlakat prezidenti qayerda ekani haqida hech narsani oshkor qilmadi. Keyinchalik, mamlakat Mudofaa vazirligi isyonchilarga qarshi operatsiya o‘tkazilishini e’lon qildi.
  • Gvineya poytaxti aholisi prezident Alfa Kondening hibsga olinganidan xursandchiliklarini bildirish uchun ko‘chalarga chiqishdi.
  • BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Gvineyada hokimiyat zo‘rlik bilan tortib olinishini qoralab, prezidentni ozod qilishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel ham xuddi shunday murojaat bilan chiqdi.
  • AQSh Davlat departamenti Gvineyadagi barcha tomonlardan zo‘ravonlik va konstitutsiyaga zid harakatlardan tiyilishni talab qildi.

Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Mamlakatdagi o‘zgarishlar:

  • Afg‘onistonning Panjsher provinsiyasida bir necha kundan buyon «Tolibon» va qarshilik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar davom etmoqda. Toliblar hududda ustunlikni qo‘lga kiritishganini e’lon qilishmoqda, biroq karshilik kuchlari buni rad etdi. Harakat vakillari Panjsherdagi qarshilik kuchlarining matbuot kotibini o‘ldirgan. Keyinroq, Panjsher qarshilik kuchlari tog‘larga chekinmoqda va Afg‘onistondagi partizanlar urushiga kirishmoqda, deya ma’lum qildi ularning vakili.
  • «Tolibon» mamlakatdagi barcha yetimlarni, shu jumladan, qarshi kuchlarning bolalarini himoya qilishga va o‘qitishga tayyor, deya ma’lum qildi harakat tomonidan tayinlagan Kunar viloyati gubernatori Hoji Usmon Turabiy. «Biz barcha vafot etganlarning, shu jumladan bizga qarshi janglarda halok bo‘lgan afg‘onlarning bolalariga ta’lim va tarbiya berishda bir xil e’tibor qaratamiz. Hech qanday farq bo‘lmaydi», — dedi u.
  • «Tolibon» rasmiylari Afg‘oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay va milliy yarashuv oliy kengashi rahbari Abdulla Abdulloga mamlakat fuqarolari bilan uchrashishni taqiqladi. Bunday qarorning sabablari keltirilmagan. Bundan tashqari, ular mamlakat OAVga Panjshir viloyatidagi milliy qarshilik fronti rahbari Ahmad Masudning bayonotlarini tarqatishni taqiqladi.
  • «Tolibon» harakati Bagram aviabazasini Xitoyga o‘tkazishi va Qandahordagi aerodromni Pokistonga o‘z operatsion maqsadlarida foydalanishga ruxsat berishi mumkin, deya yozmoqda TASS Pioneer’ga tayanib.
  • «Tolibon» harakati vakili Zabihulloh Mujohidning aytishicha, rahbariyat afg‘onlarga, shu jumladan ayollar ishtirokida ham ommaviy namoyishlar va norozilik aksiyalari o‘tkazishga ruxsat beradi. «Norozilik aksiyalari va namoyishlar o‘tkazishga ruxsat berilgan, shu jumladan ayollarga ham», — dedi Mujohid. Uning qo‘shimcha qilishicha, hukumat va davlat institutlarining qulashi tufayli yuzaga kelgan aholining ehtiyojlari tez orada qondiriladi.
  • «Tolibon» xususiy universitetlarning talaba qizlariga niqob — faqat ko‘zlari ochiq bo‘lgan, to‘liq yuzli bosh kiyim kiyishni buyurdi. Bu haqda TASS AFP’ga tayanib ma’lum qilmoqda. Yangi tartiblarga ko‘ra, sinflar jinsi bo‘yicha ajratiladi, agar buning iloji bo‘lmasa, erkaklarni ayollardan parda bilan ajratish, shuningdek, alohida kirish va chiqishlardan foydalanish talablari qo‘yiladi. Bundan tashqari, faqat ayollar yoki yaxshi obro‘ga ega bo‘lgan «keksa erkaklar» qizlarga dars berishlari mumkin bo‘ladi. «Universitetlar o‘z imkoniyatlariga qarab, talaba qizlarga o‘qituvchi ayollarni yollashi shart», — deyiladi hujjatda. Aytilishicha, afg‘onistonlik talaba qizlardan darslarni besh daqiqa oldin tark etish talab qilinadi.
  • «Tolibon» jangarilari shanba kuni Kobulda norozilik namoyishiga chiqqan ayollarga zo‘ravonlik qilgan to‘rt kishini hibsga oldi. «Ular [hibsga olinganlar] ayollar va „Al Arabiya“ muxbiriga yomon munosabatda bo‘lishdi. Voqea joyiga razvedka bo‘limining huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari yetib kelishdi, ular vaziyatni nazoratga olib, ularni hibsga olishdi», — dedi harakat vakili Zabihulloh Mujohid. Shu bilan birga, harakat vakili yangi hukumat tuzilmagani sababli Kobuldagi norozilik namoyishlarini bevaqt deb atadi. «Hozir norozilik namoyishlar vaqti emas. „Tolibon“ hokimiyatga kelganidan beri, hamma instansiyalar ishlamayapti. Biz aeroportda portlashlarning guvohi bo‘ldik, vaziyat xavfli. Ular [namoyishchilar] sabr-toqatli bo‘lishlari va hukumat tuzilishini kutishlari kerak, shundan keyin ular buni [hukumatdan] talab qilishlari mumkin», — dedi u.

Afg‘oniston va dunyo hamjamiyati:

  • Amerika harbiy operatsiyasi doirasida evakuatsiya qilingan qariyb 40 ming afg‘on chet elda tegishli tekshirish tartib-qoidalaridan so‘ng AQShga keltirildi, deya xabar bermoqda AQSh Davlat departamenti.

Shuningdek:

  • Fransuz aktyori Jan-Pol Belmondo 88 yoshida vafot etdi. Belmondo «Professional», «So‘nggi nafasda», «Muhtasham», «Maxluq» va boshqa filmlarda rol o‘ynagan. 2015 yilda u kinodagi faoliyatini tugatganini e’lon qilgan edi.

Foto: mystateline.com

  • Gretsiyada Iqlim inqirozi vazirligi tuzildi. Idorani Yevropa gumanitar yordam va inqirozga qarshi choralar bo‘yicha komissari bo‘lgan Xristos Stilianides boshqaradi. Bu lavozimda u o‘t o‘chirish va tabiiy ofatlarni bartaraf etish jarayonlariga rahbarlik qiladi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi natijasida yuqori darajadagi ob-havo haroratiga moslashish siyosati uchun javobgar bo‘ladi.
  • 2011 yil oktyabr oyida isyonchilar tomonidan o‘ldirilgan Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qaddafiy jasadi qayta dafn qilinishi uchun o‘z qabilasi — al-Qaddafaga topshiriladi. Ta’kidlanishicha, mamlakat sobiq rahbarining qabri qayerda joylashgani hozircha sir saqlanmoqda.
  • Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Taalaybek Omuraliyevni mudofaa vaziri lavozimidan ozod qilib, Baktibek Bekbolotovni uning o‘rniga tayinladi. Omuraliyev mudofaa vaziri etib 2021 yil 5 may oyida tayinlangan edi. O‘tgan yilning oxirida Qirg‘izistonda Davlat mudofaa qo‘mitasi va Bosh shtab Mudofaa vazirligiga birlashtirilgan edi.