O‘zbekiston “Tolibon” harakati bilan davlat chegarasini noqonuniy yo‘llar bilan kesib o‘tgan fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kafolat olish yuzasidan katta ishlar amalga oshirilgan. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

“Tolibon rahbariyati vakillari bilan ushbu toifadagi shaxslarga nisbatan har qanday zo‘ravonlik, tazyiq va ta’qiblarning oldini olish bo‘yicha kelishuvlar natijasida 150 nafar Afg‘oniston fuqarosi o‘z xohishi bilan vataniga qaytarildi”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shimchi qilinishicha, Afg‘onistonga qaytgan fuqarolardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularga nisbatan rasmiy protsessual choralar ko‘rilgandan so‘ng, ularning hammasiga uylariga qo‘yib yuborilgan va hozirda ular o‘z oilalari bilan to‘liq xavfsiz.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgan 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisiga tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpana taqdim etgani haqida yozgan edi. Bundan tashqari, Bosh prokuratura 585 nafar (umumiy 669 kishi) qurollangan afg‘on askari bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot mamlakat havo hududini kesib o‘tgani haqida xabar bergan edi (keyinchalik ushbu xabarni oxirigacha tasdiqlanmagan deb atagan).

18 avgust kuni “Gazeta.uz” O‘zbekiston hukumati Surxondaryoda chodirlar shaharchasini tashkil etgani, u yerda Afg‘onistondan kelgan 100 dan ortiq qochqinlar joylashtirilgani haqida yozgan edi.