Tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Yusuf Kabuljanovning “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi faoliyatini davom ettirmoqda hamda xodimlar hali evakuatsiya qilingani yo‘q.

“Nigoh” Telegram-kanalining xabar berishcha, “Termiz-Hayraton” ko‘prigi atrofidagi vaziyat butunlay barqarorlashgan.

Foto: “Nigoh” Telegram-kanali

Avvalroq, Tashqi ishlar vazirligi 15 avgust soat 10:00 holatiga ko‘ra, Termiz-Hayraton ko‘prigi hududida vaziyat yumshagani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” harakati Afg‘onistonning shimoli-g‘arbida joylashgan Balx viloyatining ma’muriy markazi — Mozori-Sharif shahrini egallaganligini e’lon qilgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, afg‘on hukumati qo‘shinlarining bir qismi O‘zbekiston bilan chegara tomonga qochgan.

O‘zbekiston davlat chegarasini kesib o‘tgan 84 nafar Afg‘oniston harbiy xizmatchisiga tibbiy yordam va vaqtinchalik boshpana taqdim etgan. TIV afg‘on fuqarolarini vataniga qaytarish hamda Termiz-Hayraton ko‘prigi hududidagi vaziyatni yumshatish uchun afg‘on tomoni bilan muzokaralar olib bormoqda.