13 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Tokio Olimpiadasi ishtirokchilari bilan uchrashib, O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan sportchi va murabbiylarni mukofotlagani haqida yozgan edik. Uchrashuv davomida Shavkat Mirziyoyev Parij Olimpiadasiga hozirdan tayyorgarlik ko‘rish kerakligini aytib, eng muhim vaзифаларни belgilab berdi.

Taqdirlash maromisidan so‘ng, bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda prezident tomonidan qo‘yilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, davlat rahbari Olimpiya va Paralimpiya sportchilarini teng ko‘rish va birdek shart-sharoitlar yaratib berish, qolaversa, sport musobaqalaridagi tanish-bilishchilik, qarindosh-urug‘chilik holatlariga chek qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan. U bunga qarshi qanday choralar ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

«Musobaqalarda tanish-bilishchilikka chek qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriq berildi. Ya’ni tegishli onlayn platforma yaratiladi. Aynan pastdan turli musobaqalarda yaxshi natijalarni ko‘rsatgan sportchilar viloyat va respublika bosqichida qatnashadigan tizim ishlab chiqiladi. Bu degani, ertaga kimdir o‘zidan-o‘zi, hech qayerda yutmasdan xalqaro turnirlarda yoki respublika darajasida bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda ishtirok eta olmaydi. Meni o‘ylashimcha, bu juda oddiy va ravshan tizim bo‘ladi», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tizim orqali istalgan fuqaro musobaqalar qanday tashkil etilayotganini ko‘ra oladi. «Endi biz musobaqalarda kim qatnashayapti, oldin qanaqa natijalarga ega bo‘lgan, nimaga kuchli sportchilar ishtirok etmayapti, degan savollarga javob topa olamiz», — dedi u.

Ushbu platforma avvaliga faqat olimpiya va paralimpiya sport turlari uchun ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.

«Birinchi qadam sifatida Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga ushbu tizimni joriy etib olamiz. Keyinchalik boshqa sport turlariga ham tadbiq etiladi. Endi sport turlari ko‘p, hammasini qamrab olish qiyin. Biz xalqaro konsulting kompaniyasi jalb etib, to‘liq sport tizimi boshqaruvi va moliyalashtirishini auditdan o‘tkazgandan so‘ng, ko‘p yangilik va xorijiy tajribalarni joriy etamiz», — dedi bosh vazir o‘rinbosari.

U shuningdek, xorijdan legionerларни olib kelishga sarflanayotgan mablag‘larni o‘zimizda sportchilarni tayyorlashga sarflash zarurligini aytib o‘tdi.

«Kerak emas legionerlar. Mana ko‘rdikku, legioner natija ham bermayapti. Ularga berilayotgan katta-katta pullarni o‘zimizni sportchilarga sarflaganimizda ancha ko‘p samara olar edik», — dedi u.