Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Departament ma’lumotlariga ko‘ra, departament hamda DXXning Uchtepa tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent davlat agrar universiteti sport klubi murabbiyi S.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqaro Sh. ni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4200 dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chinoz tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rganuvchi-o‘qituvchisi I.B. fuqaro R.ni 7000 dollar evaziga yuqori lavozimida ishlovchi tanishlari orqali ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirib, oldindan 3500 dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.